Alisher Xo‘jayev MTRK raisligidan ketdi

Jamiyat

image

Uzoq yillardan beri O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga raislik qilib kelayotgan Alisher Xo‘jayev o‘z lavozimidan ozod etildi.  Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lumot uchun, Alisher Xo‘jayev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan bo‘lib, 1985 yili Samarqand davlat universitetini fizika o‘qituvchisi mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. U qariyb 19 yil O‘zMTRKga raislik qildi.

Xo‘jayev 1985 – 1993 yillarda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan. 1993 – 1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan. Alisher Xo‘jayev 1996 yildan rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borgan. Jumladan, 1998 yilga qadar "KomUzAziya" kompaniyasida, 1998–2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan. 2001–2002 yillarda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002–2005 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi (hozirgi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi)ning rahbari o‘rinbosari sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

Alisher Xo‘jayev 2005 yilning 15 aprel kuni O‘zbekiston teleradiokompaniyasi raisi etib tayinlangan edi. U 2017 yil yanvariga qadar ushbu muassasaga rahbarlik qilgan, tanqidlar sababli biroz tanaffusga chiqib, 2017 yilning avgustidan yana o‘z lavozimini egallagan.

Ayni paytda, Alisher Xo‘jayevning o‘rniga Abdurashid Jo‘raboyev yangi raisi etib tayinlandi. U bungacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbari vazifasini bajargan.

Jo‘raboyev bundan oldin O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ham faoliyat yuritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing