Halima Ibragimova: “Endi gapirayotgan gapimni o‘ylaydigan bo‘laman”

Madaniyat-san’at

image

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 26 fevraldan e’tiboran aktrisa Halima Ibragimova hamda "Bravo" jamoalarining litsenziyasi muddatidan avval tugatildi.

Bir necha kun avval, ijtimoiy tarmoqlarda Halima Ibragimovaning ayrim odamlarni ayovsiz haqoratlagani tasvirlangan videolar tarqalgan edi. Shu bois aktrisani tarbiyaga chaqirish maqsadida "O‘zbekkonsert" DM tomonidan berilgan litsenziya olib qo‘yildi. Yig‘ilish so‘nggida Halima Ibragimova OAVga bergan intervyusida qarordan norozi emasligini, endi kamchiliklarni bartaraf etishini aytib o‘tdi.
 

"Qarordan norozi emasman. 

Bu borada avval ham ogohlantirilganman. Endi gapirayotgan gapimni o‘ylaydigan bo‘laman. Garchi xarakterimda o‘zgarishga nisbatan moyillik bo‘lmasa-da, bu kamchiliklarimni yo‘qotishga to‘sqinlik qilmaydi. Chunki, boshimga balo keltirgani ham aynan noxaqlikka chiday olmay, ochiq gapirganim bo‘ldi. 

Hayotimda juda ko‘p adolatsizliklar bo‘lgan.

Biz muammolarimizni hammaga ham ayta olmaymiz. Bir ko‘z yumamiz, ikki ko‘z yumamiz... Lekin sabr qilish qiyin. Shuning uchun ham jahlim chiqib “senlar avval men yurgan yo‘ldan yur” deb aytdim.

Menga hammani rahmi kelishini xohlamayman.

To‘g‘ri odamlarga men bu yo‘llardan yurganman, hayotimda unday bo‘ldi, bunday bo‘ldi, deb aytishim mumkin. Lekin o‘sha kuni Halimalik xaraterim yo‘qoladi. Shuning uchun gapirib o‘tirishni istamayman.

Jim o‘tirsam, bolalarimga ta’sir qilishidan qo‘rqaman.

Hamma o‘z oila a’zolari uchun aziz. Ertaga farzandlarim maktabga borsa, onang mana bunday joyda chiqibdi, deyishlari qattiq ta’sir ko‘rsatmaydi deb o‘ylaysizmi? Men jim o‘tiraversam, ularga sen ham onangga o‘xshab gapingni o‘tkaza olmas ekansan-da, deb turtkilashlariga yo‘l qo‘yib berishim kerakmi?

Bizning onalarimiz ham Raj Kapurni yaxshi ko‘rgan-ku ( Tahririyat: Eslatib o‘tamiz, Halima Ibragimovaning turk aktyori Burak O‘zchivitga xushomadi internetda muhokama qilingandi).

Ijtimoiy tarmoqlarda turk aktyori Burak O‘zchivit bilan suratga tushganim muhokamalarga sabab bo‘lganidan xabarim bor. Chindan ham Istanbulga borganimda uni qidirib yurgan paytlarim ham bo‘lgan. Shunchaki topa olmaganman. Lekin O‘zbekistonga kelganida suratga tushib sahifamga qo‘yganim va “jonim” deb yozganim bilan hech narsa o‘zgargani yo‘q. O‘zimizning onalarimiz ham Raj Kapurni yaxshi ko‘rgan-ku. Ich-ichida jonim deganlari ham bo‘lgandir. Shunchaki men ochiq gapirdim.

Hammadan uzr so‘rayman. 

Nimadir deyishim qiyin. Chunki tarbiyalash maqsadida ogohlantirib, keyin litsenziyamni olib qo‘yishdi. Agar xato gapirib, xafa qilgan bo‘lsam, hammadan uzr so‘rayman". 


Maqola muallifi

Teglar

Halima Ibragimova

Baholaganlar

555

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing