Alamli yakun yoxud Abdusattorovni “toblagan” turnir xulosalari
Sport
−
30 yanvar 2023
8330Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahri mezbonlik qilgan nufuzli “Tata Steel Chess-2023” xalqaro turniri yakunlandi. Musobaqaning aksariyat qismini peshqadam sifatida o‘tkazgan o‘zbekistonlik grossmeyster Nodirbek Abdusattorov so‘nggi, 13-turda mezbon Van Forestga qarshi dona surib, mag‘lubiyatga uchradi va 2-o‘rin bilan kifoyalandi.
Abdusattorov oxirgi turda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, uning natijasi O‘zbekiston shaxmati uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi, chunki shu vaqtga qadar hech bir o‘zbekistonlik shaxmat ustasi mazkur turnirda sovrindor bo‘lmagan.
“Challenger” guruhida bahslarga kirishgan o‘zbekistonlik Javohir Sindorov so‘nggi turda mezbon Tomas Berdsenga qarshi dona surdi. Oq donalarda ustunlikni qo‘lga olgan Sindorov yakunda g‘alaba qayd etib, musobaqada 3-o‘rinni egalladi. Sindorov umumiy 13 imkoniyatdan 8,5 ochko jamg‘ardi. Turnir davomida Javohir faqatgina bir marta mag‘lubiyatga uchradi.
O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev o‘zbek o‘glonlarining xalqaro turnirdagi ishtirokiga ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali munosabat bildirdi.
“Nodirbek biz uchun g‘alabaga teng o‘yin ko‘rsatdi. Bu turnir unga juda katta hayotiy tajriba berishi aniq. Turnir g‘olibi Anish Giri ham chempion bo‘lguniga qadar 5 marotaba 2-o‘rinni olgan ekan, mana chempionlarning xarakteri. Nodirbek yosh bo‘lishiga qaramasdan tengdoshlariga qaraganda ancha zalvorliroq tarix yozmoqda. Umid qilamizki, Nodirbek yurtdoshlari har qanday natijaga qaramasdan u bilan faxrlanishini doim his qilib turdi. Barakalla, Nodirbek!” deb yozib qoldirgan Sa’dullayev o‘z Telegram-sahifasida.
Ta’kidlash joizki, Abdusattorov nufuzli turnirda amaldagi jahon tojdori norvegiyalik Magnus Karlsenni ham mag‘lubiyatga uchratib, dunyo shaxmati mutasaddilarini lol qoldirdi.
Huquqshunos Xushnudbuk Xudoyberdiyev ham o‘zbek shaxmatchilarining musobaqa davomida har bir turdagi ishtirokiga o‘z munosabatini bildirib o‘tdi.
“Afsuski, Nodirbek mag‘lub bo‘ldi. Anish Giri “Tata Steel Chess-2023” turniri Masters guruhi chempioni bo‘ldi”.
Xo‘sh, hissiyotlar 2 xil:
1) Turnirning boshidan toki oxirgi turigacha yetakchi bo‘lib, eng oxirida chempionlikni qo‘ldan bergani, albatta, biroz alamli bo‘ldi;
2) Ammo xursand qiladigan tomoni, Nodirbek ushbu turnirning asosiy qahramoni bo‘ldi. Butun dunyodagi shaxmat olami yangi shaxmat qiroli yetishib kelayotganini ko‘rib, e’tirof etdi. Magnus Karlsenni taslim qildi. Eng qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritdi. Dunyoning TOP-20 shaxmatchisi tarkibiga kirdi.
Umuman olganda Nodirbek ushbu turnirdan so‘ng dunyoning elita shaxmatchilar qatlamiga kirgani tan olindi.
Solishtirsak, xafagarchilikdan ko‘ra, xursandchilik ko‘proq.
Oxirgi turdagi mag‘lubiyat esa ko‘proq yoshga doir psixologiya bilan bog‘liq, menimcha. Bu xatolar, bu alamlar esa tajriba uchun juda kerak.
Xullas, Nodirbek, barakalla! Ota-onangga, ustozlaringga ming rahmat! Jahon tojini kiyganingni ko‘rish nasib qilsin, ilohim”, deya Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z mulohazalarini kuzatuvchilar bilan bo‘lishdi.
Iqtidorli shaxmatchi Javohir Sindorov va rapid yo‘nalishida shaxmat tarixida eng yosh jahon chempioni hisoblangan Nodirbek Abdusattorovning nufuzli turnirdagi ishtiroki bo‘yicha taniqli sport sharhlovchisi Davron Fayziyev ham o‘z fikrlarini bildirdi.
“Shaxmat bo‘yicha Veyk-an-Zeye turniri tugadi. Nodirbek Abdusattorov oxirgi turda imkoniyatni boy berdi va ikkinchi o‘ringa tushib qoldi. Shunday bo‘lsa ham, iste’dodli shaxmatchimizni dunyo grossmeysterlari elitasi orasida kumush medalga ega chiqqani zo‘r natija! Nodirbek TOP! Javohir Sindorov “Challenger” ligasida so‘nggi turda g‘alaba qozondi va uchinchi o‘rinni band etdi. Bu ham yaxshi ko‘rsatkich. Ikkisini ham tabriklaymiz!” deydi Davron Fayziyev.
Abdusattorov “Tata Steel Chess-2023” turniridagi munosib ishtirokidan tashqari, ko‘pgina boshqa nufuzli musobaqalarda ham yaxshi natijalar qayd etganidan xabaringiz bor. Keling, uning natijalarini yana bir bor eslatib o‘tamiz.
- “Sharjah Masters-2022” xalqaro turnirida 1-o‘rin;
- Rustam Qosimjonovning 25 yillik yetakchiligiga chek qo‘yib, O‘zbekistonning reytingi eng yuqori shaxmatchisiga aylandi;
- O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida (1-taxta) Jahon shaxmat olimpiadasi chempioni;
- Rustam Qosimjonovdan so‘ng reyting bali 2700 dan oshgan o‘zbekistonlik ikkinchi shaxmatchi bo‘ldi.
Shuningdek,
- “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi;
- “O‘zbekiston” teleradiokanali “Yil faoli – 2022” tanlovida “Yilning eng yaxshi sportchisi” deb topildi;
- “Tata Steel Chess-2023” musobaqasida Magnus Karlsenni mag‘lub etib, Mixail Chigorin klubi (klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi jahon chempionini rasmiy musobaqalarda kamida bir marta mag‘lub etgan shaxmatchilar ramziy klubi) a’zosi bo‘ldi;
- Tigran Petrosyan klubi (klassik shaxmat bo‘yicha amaldagi reytingi eng yuqori bo‘lgan shaxmatchini rasmiy musobaqalarda kamida bir marta mag‘lub etgan shaxmatchilar ramziy klubi) a’zosi bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek shaxmatida Abdusattorov fonida yangi era boshlandi. Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev kabi shaxmat ustalarining xalqaro turnirlardagi munosib ishtirokini ham qo‘shimcha qilgan holda aytishimiz mumkinki, o‘zbek shaxmati ishonchli qo‘llarda!
QALAMPIR.UZ’da voqealar rivojini kuzatib boring!
LiveBarchasi