Alamli mag‘lubiyat bilan kelgan ertaning ishonchi
Tahlil
−
21:40 2313 11 daqiqa
Bugun, 18 iyun Toshkent vaqti bilan tonggi soat 07:00 da O‘zbekiston futbolida chinakam tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Bu shunday voqea ediki, uni butun millat mustaqil bo‘lganidan beri orziqib kutardi. Shunday muxlislar bor ediki, O‘zbekiston nomi ostidagi terma jamoa uchun borini bergan, hatto jonini-da xatarga qo‘yib muxlislik qilishgandi. 34 yillik shunaqa qonli va sabrga yo‘g‘rilgan ko‘z yoshlari manashu tongda quvonch va iftixor yoshlariga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi mundialdagi ilk tarixiy o‘yinini 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat bilan boshladi. O‘yinning dastlabki vaqtlarida ishonchli harakat qilgan “Oq bo‘rilar” o‘z darvozasidan 40-daqiqada Luic Diacning markazdan bergan ajoyib uzatmasi oqibatida dastlabki golni olib chiqdi. Ammo ikkinchi bo‘limda Fabio Kannavaro shogirdlari tizginni bir muddat qo‘lga olib, tashkil qilingan xavfli hujum ortidan Abbosbek Fayzullayev bosh bilan gol urdi va O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ilk goliga mualliflik qildi. Afsuski, keyin markazdagi xato va qarshi hujumdagi tezkorlik ortidan O‘tkir Yusupov darvozasi yana ikki bor ishg‘ol qilindi.
Bu bo‘lib o‘tgan bahsning umumiy fondagi ko‘rinishi bo‘lsa, uni asli negizida nimalar mag‘lubiyatga sabab bo‘lgani-yu, nimalalar muxlislarga ishonch va umid berganini payqash mumkin. Quyida QALAMPIR.UZ sizga mana shunday tafsilotlarni tanishtiradi.
Kolumbiya va mag‘lubiyat alami
Jahon chempionatining “K” guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston va Kolumbiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahs tomoshabin va tahlilchilarning kutgan va kutmagan vaziyatlariga boy bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston termasining FIFA doirasida avvalgi ikki o‘rtoqlik o‘yini muxlislarni ikki qutbga ajratgan edi. Aksariyat muxlislar va futbol ekspertlari O‘zbekistonning ilk o‘yinda mag‘lubiyatini taxmin qilgandi va bu haqiqatga aylandi. Biroq gap shundaki, “Oq bo‘rilar” qilingan kutilmalardek faqat himoyaviy o‘yin o‘tkazmadi, ular o‘yinning ma’lum vaqtlarida ustunlik ham qildi va hatto, bir qadam oldinda bo‘la olishini ham isbotlaydigan harakatlarni amalga oshirdi.
Agar vaziyatga real qaraydigan bo‘lsak, Kolumbiya terma jamoasi dunyoning eng kuchli terma jamoalari qatorida eslanadi. Buni jamoa avvalgi mundial turnirlaridagi natijalari va iqtidorlari orqali isbotlab qo‘ygan. Aniq raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, Kolumbiya terma jamoasi FIFA reytingida 13-o‘rinni egallab, Janubiy Amerika (CONMEBOL) mintaqasida Argentina (1-o‘rin) va Braziliyadan (6-o‘rin) keyingi yuqori o‘rinlardan birida joylashgan.
Nestor Lorenco qo‘l ostidagi “kofechilar” 2022 yilgi JCHni o‘tkazib yuborgandan so‘ng tarkibni sezilarli darajada kuchaytirdi va dunyoning eng xavfli jamoalaridan biriga aylandi. Jamoa hujumida bugunning eng kuchlilarida biri Luis Dias, Luis Suarez va Xames Rodriges harakat qilayotganining o‘zi ko‘p narsani oydinlashtiradi.
Bundan tashqari, avval aytilganidek, bahs bo‘lib o‘tgan Meksikadagi “Asteka” stadioni dunyodagi dengiz sathidan eng balandda joylashgan maydon hisoblanadi. Bu esa maydondagi futbolchilarda yaxshigina bosim va tez charchoq yuzaga keltiradi. Kolumbiyaning mintaqaviy joylashish nuqtasini hisobga olsak, ular deyarli o‘z uyida o‘ynadi. O‘zbekiston esa bu jihatdan ham moslashishga majbur bo‘ldi.
Shu bilan bir qatorda, mundial oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy figuralaridan biri bo‘lgan Jaloliddin Masharipovning jarohatdan forig‘ bo‘lolmagani ham jamoa kayfiyatiga salbiy ruh bergani sezilgandek bo‘ldi.
Umuman olganda, vaziyatga real nigoh bilan qaralsa, mag‘lubiyat kutilmagan deb bo‘lmaydi. Bunga avvaldan yetarli sabablar ham bor edi. Ammo tablodagi 1:3 hisobi kutilmagan edi. Ha, hisob kutilmagan va alamli bo‘ldi. Sababi Kannavaro shogirdlari dastlabki daqiqalardan ishonchli va jamoaviy o‘yin ko‘rsatdi. Shomurodov boshchiligidagi jamoa chuqur himoyalangan bo‘lsa-da, buni yuqori texnika va hujumkor jamoa bilan birga ushlab turish oson emasdi.
Raqamlar tilga kirsa
Agar aniq raqamlarga qarasa, statistika o‘yinning umumiy manzarasini ko‘rsatib beradi, ammo mag‘lubiyat ortida kuchsiz O‘zbekistonning ishonchsiz o‘yini emas, aksincha, tajriba va raqibning klassi yotganini bahsni kuzatganlar yaxshi his qildi.
Kolumbiya dastlabki 45 daqiqalikda o‘yinni to‘liq nazorat qildi. Undagi to‘p nazorati 72 foiz bo‘ldi. “Oq bo‘rilar”ning bunday yuqori tempga va Luis Dias boshchiligidagi hujumkor bosimga moslashgunlaricha biroz vaqt ketdi. Albatta, bu vaziyatda ko‘pchilik tezkor goldan saqlanishni bod-bod takrorlagan bo‘lsa-da, oqlar dastlabki daqiqalardan ishonchli o‘yin ko‘rsatib, raqib hujumlariga yaxshigina qarshilik qildi.
Bundan tashqari, kolumbiyaliklar o‘zlaridagi 4 ta yaqqol golli vaziyatning 3 tasidan unumli foydalandi. Ayniqsa, uchrashuv qahramoni Dias o‘z so‘zini aytdi. Bugun u hamma joyda o‘ynadi. Tabiiyki, hujumchi turli nashrlar talqiniga ko‘ra 8,5 ballga munosib ko‘rildi va bahsning eng yaxshisi deb e’tirof etildi. O‘tgan butun mavsum davomida Yevropa maydonlarida ko‘rsatgan o‘yini ham Diasning eng yuqori formada ekanidan dalolat berardi.
Shuningdek, O‘zbekiston tarkibida Abbosbek Fayzullayev eng faol futbolchilardan biri bo‘ldi. U jamoaning JCHdagi ilk goliga mualliflik qildi va “SofaScore” talqiniga ko‘ra 7,1 reytingga sazovor bo‘ldi. Otabek Shukurov ham markazda barqaror o‘yin namoyish etib, 45 ta aniq pas va 62 marta to‘p bilan harakat qilish orqali jamoaning ikkinchi bo‘limdagi faolligiga hissa qo‘shdi.
Qanot muammosini yopgan Kannavaro va himoya
O‘zbekiston jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro jamoani 3-4-2-1 sxemasida maydonga tushirib, qanotlarni mustahkamlamoqchi bo‘ldi. Murabbiy ko‘pchilik hayiqqan qanotlar muammosini a’lo darajada yopdi. Ayniqsa, o‘yinda o‘ng qanotda harakat qilgan Behruzbek Karimov alohida ajralib turdi. U Dias qanotini yaxshigina sovitib turdi va mana shu jihatdan birinchi golda kolumbiyalik hujumchi golli uzatmani o‘z qanotidan emas, markazdan amalga oshirishga majbur bo‘ldi.
O‘zbekiston himoyasi yaxshi o‘yin o‘tkazdi deyishga tablodagi hisob yo‘l qo‘ymasada, avvalgi jamoalarga qarshi o‘yinlarni hisobga olib buni yaxshi deyish mumkin. Jamoada eng kerakli narsa, himoyaviy hamjihatlik ko‘rindi. Bundan tashqari, yigitlar ba’zi vaqtlarda butun e’tiborini himoyaga qaratmaganidan tezkorlik va pozitsiyalarning boy berilishi, Eldor Shomurodovning markazdagi kutilmagan xatosi va yakuniy daqiqalardagi diqqatni yo‘qotish ortidan raqibga erkinlik va hisobda ilgarilash imkonini berdi. Bunday yuqori darajadagi turnirlarda har qanday xato, ayniqsa, markazdagi xatolar qimmatga tushishi turgan gap edi.
Biroq hisob 3:1 bo‘lishiga qaramay, ichki statistika va o‘yin mazmuni O‘zbekiston terma jamoasining salohiyati aslida yetarli darajada ekanligini isbotladi. Oqlar ikkinchi bo‘limda yakkakurashlarning 56 foizida g‘alaba qozondi va havodagi duellarda ham ustunlik qildi. Shu bilan birga, ikkinchi bo‘limda xG (kutilayotgan gollar) ko‘rsatkichini 1.12 gacha oshirib, raqib darvozasi to‘sinini nishonga oldi. Agar o‘sha vaziyatlarda omad kelganida, o‘yin kamida durang bilan tugashi hech gap emasdi.
Futbolchilarimdan g‘ururlanaman – Kannavaro
Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdan keyin matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘yin haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Murabbiyning aytishicha, jamoa ikkinchi bo‘limda o‘yinni o‘zgartira olgan va tashabbusni qo‘lga olishga harakat qilgan.
“O‘yin qiziqarli o‘tdi. Ikkinchi bo‘limda biz o‘yinni o‘zgartirishga erishdik. Chap qanotdan imkoniyatlar yaratdik. O‘yin nazoratini o‘z qo‘limizga olishga harakat qildik. Avvalambor, biz O‘zbekistonni butun dunyoga ijobiy namoyish etish uchun bu yerga keldik. Kolumbiya singari jamoalarga qarshi o‘ynash, to‘psiz harakat qilish oson emas. Umuman olganda, ikkinchi bo‘limda yaxshi harakat qildik, biroq afsuski gol o‘tkazib yubordik”, deydi u.
Kannavaro mazkur bahsni tarixiy o‘yin sifatida baholar ekan, jamoa kelgusida xatolar ustida ishlashini qayd etdi.
“Biz bu stadiondagi ushbu o‘yinni eslab qolamiz. Chunki bu tarixiy o‘yin. Biz Jahon chempionatidamiz. Bugungi o‘yin biz uchun yaxshi bo‘ldi, deb ayta olaman. Xatolar bo‘ldi, ular ustida ishlaymiz. Futbolchilarimdan g‘ururlanaman. Ular yaxshi o‘ynashdi. Bugun qiyin o‘yin bo‘ldi. Bunday stadionda, muxlislar qarshisida o‘ynash oson emas. Lekin bu sizga ko‘proq motivatsiya berishi ham mumkin”, deydi Fabio Kannavaro
“Abbos tarix yaratdi!”
O‘yinning 61 daqiqasi – O‘zbekiston tarafi bir gol farqi bilan orqada borib, hujum uyushtirdi. Eldor Shomurodov Kolumbiya darvozasi tomon bergan zarbasini Kamilo Vargas to‘sishga ulgurdi, ammo Abbosbek Fayzullayev qaytgan to‘pni boshi bilan darvozaga yo‘naltirib, O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli muallifiga aylandi.
Ushbu bosh bilan yo‘llangan zarba orqali yarim himoyachi bundan avval urugvaylik Jorjian de Arraskaetaga (bo‘yi 173 sm) tegishli bo‘lgan rekordni yangilab, XXI asrda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatlarida bosh bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi. U har taraflama tarixga o‘zining o‘chmas nomini yozib qoldirdi.
Bu jarayonni butun dunyo bevosita kuzatib bordi. Xususan, Abbosbek Fayzullayevning “SSKA Moskva” klubidagi ilk murabbiyi Dmitriy An futbolchi JCH guruh bosqichining 1-turida Kolumbiyaga qarshi o‘yinda urgan goliga munosabat bildirdi.
“Abbos tarix yaratdi! O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatlaridagi ilk golini aynan uning urgani juda quvonarli. U tarixga kirdi va bunga o‘z hissasini qo‘shdi. Unda doimo golni his qilish qobiliyati bo‘lgan. Hatto saralash o‘yinlarida ham bo‘yi unchalik baland bo‘lmasa-da, bosh bilan muhim gollar urardi. Bunday natija qayd etilganidan juda mamnunman. Uning nomidan xursandman”, deydi Dmitriy An “Chempionat” saytining muxbiri bilan suhbatda.
Bundan tashqari, rossiyalik taniqli sport sharhlovchisi Dmitriy Guberniyev ham terma jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv yakunlariga munosabat bildirdi.
“Jahon chempionatida O‘zbekiston hali o‘z so‘zini aytadi! Porla, Toshkent, futbol sharqining yulduzi!” deb yozdi Guberniyev o‘zining Telegram-kanalida.
Shuningdek, yana bir rossiyalik mashhur murabbiy Aleksandr Grigoryan ham o‘zining bahs doirasidagi fikrlarini ma’lum qildi. Uning aytishicha, o‘yinning ikkinchi bo‘limida O‘zbekiston terma jamoasi faqat himoyalanishni emas, hujum qila olishini ham ko‘rsatgan.
“O‘zbekistonliklar uchrashuv oxirlarida ikkinchi golni ham urishlari mumkin edi. Fabio Kannavaro nomining sehri ishlayapti va u qisqa muddatda jamoaga yordam berdi. U futbolchilarga himoyada o‘ziga ishonch bag‘ishladi. Axir u buyuk himoyachi bo‘lgan, shuning uchun jamoaga nima maslahat berishni yaxshi biladi. Kolumbiya terma jamoasiga kelsak, ular turnir jadvali bo‘ylab juda uzoqqa borishi mumkin. Bu Janubiy Amerikaning odatiy jamoalaridan emas. Ular juda intensiv va agressiv pressing qo‘llaydigan jamoa”, deb aytgan Grigoryan “Match TV” efirida.
Imkoniyat qolmadimi?
Mag‘lubiyat – bu hammasi tugadi degani emas. Mundialni ilk o‘yinidan yengilish alamli va yoqimsiz, ammo u imkoniyatlarning yo‘qligini anglatmaydi. O‘zbekiston terma jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati “K” guruhidagi birinchi tur o‘yinlaridan keyingi holati, guruhdagi vaziyat va pley-offga chiqish uchun real ssenariylar turlicha ko‘rinishga ega bo‘lishi turgan gap.
Guruhdagi parallel bahsda Portugaliya va Kongo DR 1:1 hisobida durang o‘ynagani turnir jadvalini yanada qiziqarli ko‘rinishga keltirdi. Hozirda Kolumbiya 3 ochko bilan peshqadam, Portugaliya va Kongo DRda 1 ochkodan bor, O‘zbekiston esa ochkosiz oxirgi o‘rinda. Ammo turnir formati (48 ta jamoa, eng yaxshi 3-o‘rinlar ham chiqadi) o‘zbekistonliklarga hali imkoniyat beradi. Guruhdan chiqish imkoniyatlarini uchta ssenariyda ko‘rib chiqish mumkin.
Birinchi ssenariyda Fabio Kannavaro shogirdlari keyingi ikki o‘yinda maksimal natija ko‘rsatishlari kerak. Bu nomlar va kutilmalar jihatidan imkonsizdek tuyulsa-da, imkoniyat jihatidan bir yo‘ldir. Axir, futbolda nimalar bo‘lmagan, shunday emasmi!?
Ikkinchi ssenariy esa nisbatan realroq bo‘lib, bunda turnirdagi 12 ta guruhdan eng yaxshi natija ko‘rsatgan 8 ta 3-o‘rin egasidan biri bo‘lish va pley-ofga yo‘llanma olish mumkin. O‘zbekiston Portugaliyaga yutqazgan taqdirda ham, so‘nggi turda Kongo DR terma jamoasini yirikroq hisobda mag‘lub etishi shart bo‘ladi. 3 ochko va yaxshi to‘plar nisbati deyarli 80 foiz holatda keyingi bosqich yo‘llanmasini kafolatlaydi. Kongo terma jamoasi jismoniy baquvvat jamoa bo‘lsa-da, taktik jihatdan O‘zbekiston ulardan ustunroq futbol o‘ynashga qodir. Muxlislar ham eng ko‘p shu natijadan umidvor.
Uchinchi ssenariyda esa mo‘’jizaviy matematika ishlaydi. Buning uchun guruhda durranglar yana qayd etilishi kerak bo‘ladi. Masalan, Kolumbiya barcha raqiblarini (Kongo DR va Portugaliyani) yutib, 9 ochko bilan guruhda yaqqol peshqadam bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston esa Portugaliya bilan durang o‘ynab, Kongo DRni yutsa, 4 ochko bilan nafaqat 3-o‘rin, balki 2-o‘rinni ham ilib ketish ehtimoli ham yo‘q emas.
Nimalarga e’tibor berish kerak?
Endi kelasi turlarda vaziyat ancha jiddiylashadi. Birinchi turda ochko yo‘qotgan Portugaliya O‘zbekistonga qarshi bor kuchi bilan g‘alaba uchun maydonga tushishi turgan gap. Agar o‘zbekistonliklar dastlabki daqiqalarda Kolumbiya bilan o‘yindagi kabi bosim ostida qolib ketsa va tezkor gol o‘tkazib yuborsa, vaziyat yanada qiyinlashadi.
Bundan tashqari Kolumbiyadan qabul qilingan 1:3 hisobidagi mag‘lubiyat to‘plar nisbatini -2 ko‘rinishiga keltirib qo‘ydi. Agar O‘zbekiston MTJ 3-o‘rinlar reytingiga tushadigan bo‘lsa, har bir urilgan gol va o‘tkazib yuborilgan to‘p juda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun himoya va markazdagi individual xatolarni (Kolumbiya bilan o‘yindagi kabi) nolga tushirish shart. Shu bilan birga, minimal imkoniyatdan maksimal foydalanishga majburiy.
So‘zning so‘nggida barcha tahlil, taxmin va gaplarni chetga surib, “Oq bo‘rilar” maydonda bor imkoniyatlarini ishga solishi kerak bo‘ladi. Jamoaning kutilgan zafarida muxlislar qo‘llovi ham eng muhim resurslardan biri hisoblanadi. Kelgusi guruh bahslarida va umuman, O‘zbekiston milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi barcha o‘yinlarida QALAMPIR.UZ jamoasi yigitlarga faqat va faqat omad tilaydi.
Live
Barchasi