“Al-Nasr” – “Neftchi” uchrashuvi raketa tahdidi sabab kech boshlangani ma’lum bo‘ldi
Sport
−
10:28 783 2 daqiqa
O‘zbekistonning “Neftchi” va Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” jamoalari o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi elit turnirining 2-tur uchrashuvi Ar-Riyodda raketa tahdidi sabab bir soat kech boshlandi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 23:15 da boshlanishi rejalashtirilgan edi. Biroq bahs belgilangan vaqtdan bir soat keyin start oldi. O‘yin boshlanishidan biroz avval Saudiya Arabistoni Fuqaro mudofaasi bosh boshqarmasi mamlakat poytaxtida ehtimoliy xavf haqida ogohlantirish e’lon qilgan.
Bir soat kechikib boshlangan uchrashuvda farg‘onaliklar 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Ar-riyodliklar safida ikkinchi golga Krishtianu Ronaldu mualliflik qildi va professional faoliyatidagi gollari sonini 981 taga yetkazib oldi.
Manbada keltirilishicha, joriy yilning 10 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi Ar-Riyod aeroportiga qilingan hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘lgani va 309 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan. 11 oktyabr kuni esa bir nechta qurbonlarga sabab bo‘lgan yangi hujum haqida xabar berilgan.
Shu kuni “Ansarulloh” harakati 24 soat ichida ballistik va qanotli raketalar, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalangan holda to‘rtta yirik operatsiya o‘tkazganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Yamanda husiylar va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan hukumat kuchlari o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar 2014 yildan beri davom etib kelmoqda. So‘nggi oylarda mintaqadagi harbiy harakatlar va dengiz yo‘llari xavfsizligi bilan bog‘liq keskinlik yanada kuchaygani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi