“Al-Qoida”ning o‘ldiga chiqarilgan rahbari topildi. Unga kim boshpana bergan?  

Olam

image

Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan “Tolibon” harakati “Al-Qoida” guruhining yetakchisi Ayman az-Zavohiriyga boshpana bergan. Bu haqda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq raisi vazifasini bajaruvchi Maykl Morrell ma’lum qildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining shu yozda chop etilgan hisobotida az-Zavohiriyning Afg‘onistonda yashashi aytilgan. Morrelldan esa shu xulosaga izoh berish so‘ralgan. 

imageFoto: Ayman az-Zavohiriy

“Biz shunday deb o‘ylaymiz. Bu “Tolibon” az-Zavohiriyga boshpana berishini, “Tolibon” “Al-Qoida”ga boshpana berishini anglatadi. O‘ylaymanki, “Tolibon”ning Afg‘onistondagi urushda g‘alaba qozongani, keyin esa bizning chiqib ketganimiz butun dunyodagi jihodchilarni ilhomlantirdi. “Tolibon”ning da’vo qilishicha, ular nafaqat AQSHni, balki NATOni — dunyodagi eng katta harbiy kuchni mag‘lub etdi. Bayram davom etmoqda. Menimcha, jihodchilar nafaqat ilhomlanadi, balki ularning ko‘pchiligi bayramning qismi bo‘lish uchun Afg‘onistonga jo‘nab ketadi. 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlardan so‘ng, ular Afg‘oniston tashqarisiga tarqalib ketdi. Ishonamanki, biz jihodchilarning oqimini qayta ko‘ramiz. Bu Afg‘onistonni sayyoradagi boshqa joylarga qaraganda xavfliroq qiladigan jihatlardan biri”, degan Morrell. 

Morrellga ko‘ra, AQSH hukumati dunyoda terrorizmga qarshi kurashga e’tiborini qaratishi kerak. 

“Amerika razvedka jamiyatining fikricha, agar Vashington zarur choralarni ko‘rmasa, “Al-Qoida” Afg‘onistondagi kuchlarini bir yil ichida qayta tiklay oladi”, degan u. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, az-Zavohiriy tirik, lekin u kasal va Afg‘onistonda bo‘lib turibdi. 

Avvalroq, Ayman az-Zavohiriy AQSHda 11 sentyabrda sodir bo‘lgan teraktlarning 20 yilligiga bag‘ishlangan videorolikda ko‘rinish bergani haqida xabar bergandik.  

Ma’lumot o‘rnida, Ayman az-Zavohiriy 2011 yilning iyun oyida “Al-Qoida” ning yetakchisiga aylangan edi. U “Misr islomiy jihodi” tashkilotining asoschisi. Vashington uni AQSH fuqarolarini mamlakat tashqarisida o‘ldirishda, qotillikka til biriktirishda va davlat idoralariga hujum qilishda ayblaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1313

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing