Aktyor Jumadulla Rametov alsgeymer xastaligiga chalindi
Madaniyat-san’at
−
21 iyun 2022
174617O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino san’atining yirik namoyandalaridan biri Jumadulla Rametov alsgeymer kasalligiga chalindi. Uning o‘g‘li Aziz Rametov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida otasining og‘ir xastalikka chalinganiga ishora qilib, video joylagan edi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Aziz Rametov bilan bog‘lanib, otasi Jumadulla Rametovning holidan xabar oldi.
“Ma’lum vaqt xotirasini yo‘qotadilar. Bu vaqtda qilgan ishlarini sizga aytib bera olmayman. Xotirasini yo‘qotganlarida, xayolga sig‘maydigan ishlarni qiladilar. Dadamda alsgeymer kasalligi boshlanganiga 2 yil bo‘ldi. Hozir bu kasallik kuchaydi. Issiq paytda, kechqurun soat 03:00 dan oyoqlari qichib, varaja tutadi. Shu bilan xotirasini yo‘qotib, “Kimsan?”, deb savol bera boshlaydilar. Doktorlar tashxis qo‘yishganiga 1 yil bo‘ldi. Kasallik asabdan keldi, boshida ko‘p narsani unutib, hojatxonani topa olmay qoldilar. Kasallik shu holatlardan boshlanib, 1 yildan buyon jiddiylashdi”, deydi Aziz Rametov.
U so‘zida davom etar ekan, avvaliga otasining kasalligiga ishonmagani, qolaversa xonaga kamera qo‘yish va boshqa usullar bilan otasining harakatlarini kuzatganini aytdi.
“Ada, erkalik qilyapsiz-a?”, deb o‘zim boshida ishonmayotgan edim. Keyin kamera qo‘yib, boshqa-boshqa yo‘llar bilan dadamni kuzatdim. Natijada, bu holatga jiddiy qarash kerakligini tushundim. Keyin shifoxonada muolaja olib chiqdilar va juda ozib ketilar. Sababi, kasallik muolajasi va ukollari juda og‘ir-ku. Men otamni shifoxonadan olib chiqib, uyda davolaylik desam, onam “Yana shifoxonaga yotqizmasak bo‘lmaydi. Chunki, juda og‘ir”, dedilar. Kasallikning eng og‘ir holati kecha bo‘ldi. Kecha ma’lum vaqt xotirasini yo‘qotdilar. 1 yoki 2 soat vaqt davomida hech narsani eslay olmadilar”, deydi u.
Kichik Rametovning qayd etishicha, ayni vaqtda Jumadulla Rametovda kasallikning ikkinchi bosqichi kechmoqda va u kun sayin og‘irlashmoqda.
“Hozir adashmasam, dadam kasallikning ikkinchi bosqichiga o‘tdilar. Alsgeymerda 4 yoki 5 ta bosqich bo‘lar ekan. To‘rtinchi bosqichga borib, kasallik juda og‘irlashadi. Onam bildirmay yuradilar. Lekin, tuni bilan dadam ham, onam ham uxlamaydilar. Onam ertalab ishga ketadilar. Dadam soat 03:00 da turib, uxlamaydilar. Ba’zida yoshligi esiga tushib, onamni “Aya-Aya, onam”, deb chaqiradigan bo‘ldilar. Hojatxonaga juda qiynaldilar-da”, deydi Rametovlarning kenja o‘g‘li.
Ma’lumot uchun, Jumadulla Rametov 1999 yil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist faxriy unvoni bilan taqdirlangan. U teatr sahnasida va kinoda turli, bir-birini takrorlamaydigan rollarni ijro etgan. Uning teatr sahnasida yaratgan obrazlari talaygina. Jumladan “Kelinlar qo‘zg‘aloni”da sozanda, “Arshin mol-olan”da Asqar, “Xujjatli axmoq”da sudya, “Maysaraning ishi”da doirachi, “Qaytar dunyo”da Tohir, “Buxoroi- sharif”da qori, “Tog‘a va jiyanlar”da Trest boshlig‘i, “Sehrli hassa”da Qorbobo, “Yozilmagan maktub”da general, “Hayot baribir go‘zal”da Ahmad qora, “Otasining qizi”da Izzat Atakulovich, “Ayajonlarim”da Ashuraliyev, “Farrosh kampirning tushi”da Bahrom rollari bilan tanilgan.
Alsgeymer kasalligi haqida
Har yetti soniyada dunyoda kimdir alsgeymer kasalligiga chalinadi. Insonni aqliy qobiliyatlardan, ayniqsa, xotiradan ayiruvchi alsgeymer xastaligi nafaqat keksalar, balki ayrim yoshlarga ham xavf solmoqda
Alsgeymer kasalligi qadimgi shifokorlar tomonidan tasvirlangan. Ammo nemis psixiatri Alois Alsgeymer nihoyat uning sabablari, davri va alomatlarini 1901 yilda aniqlay olgan. Olti yil o‘tgach, u o‘z bemorlaridan birida ushbu kasallikning kechishini batafsil o‘rganib chiqdi. O‘shandan beri bu kasallik uning nomi bilan ataladi.
Odatda bu xastalik 65 yoshdan oshgan kishilarda kuzatiladi. Ammo erta al’sgeymer kasalligi ham mavjud bo‘lib, xastalikning bu shakli kam uchraydi. U 2006 yilda global kasalliklar qatoridan o‘rin olib, xastalikka chalinganlar soni 26,6 millionni tashkil etdi. 2050 yilga kelib ushbu raqam 4 baravarga oshishi mumkin.
Odatda kasallik kichik alomatlar bilan boshlanib, vaqt o‘tgani sayin rivojlanib boradi. Birinchi alomatlar yakuniy tashxisdan bir necha yil oldin paydo bo‘ladi. Kasallikning ushbu davri “boshlang‘ich” deyiladi. Kasallikning boshlanishini nimalarda aks etadi? Birinchidan, bu qisqa muddatli xotiraning buzilishi va yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishda qiyinchiliklar. Shuningdek, diqqatni jamlash, o‘z faoliyatini rejalashtirishga qodir emaslik, mavhum va mantiqiy fikrlash bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi, ba’zi so‘zlarning ma’nosini unutish – kasallikning tashvishli signalidir.
Xastalik tashxisini qo‘yish uzoq vaqt davom etadi. Bunda birlamchi omil xastalik shikoyati bilan murojaat qilgan bemorning xatti-harakatlarini uzoq muddat kuzatishdir. Ayrim hollarda xastalik uzoq muddat o‘zini yuzaga chiqarmaydi. Aniq tashxisdan keyin o‘rtacha umr ko‘rish muddati esa yetti yil. Bemorlarning kamida 3 foizi 14 yildan ko‘proq yashaydilar.
Alsgeymer kasalligining sabablari va rivojlanishi haqida to‘liq ma’lumot hali olinmagan. Kasallikning asosiy belgilari – miya to‘qimasida amiloid plitalari va neyrofibrillar tarangligining to‘planishidir.
Zamonaviy terapiya usullari simptomlarni biroz yengillashtiradi, ammo hozirgi kunga qadar ular kasallikning rivojlanishini to‘xtatish yoki susaytirishga imkon bermaydi. Terapiyaning ko‘plab istiqbolli usullari klinik sinovlar bosqichiga yetdi, ularning soni 2008 yilda besh yuzdan oshdi, ammo ularning samaradorligi isbotini topmagan.
Alsgeymer kasalligining oldini olishning ko‘plab usullari mavjud, ammo ularning kasallikka ta’siri qayd etilmagan. Kasallikning oldini olish uchun ham, uni nazorat qilish uchun ham jismoniy mashqlar qilish, fikrlashni rag‘batlantirish va sog‘lom ovqatlanishga rioya qilish tavsiya etiladi.