ATK vazirligi: IMEI-kod mashmashasi bo‘yicha tekshiruv boshlandi
Jamiyat
−
02 Sentabr 2020
9954So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan kelgan fuqarolarning yangi telefoni apparatining IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda muammo bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi. Ularning barchasi bir narsadan shikoyat qilgan. Fuqarolar xorijdan kelgan, ularning pasportini yig‘ib olib, o‘zlarini karantinga joylashtirishgan. Karantin muddati yakunlangach, ular o‘ziga yangi telefon olib yoki o‘zi bilan olib kelgan qurilmasini pasportiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun harakat qilganida, ularning pasporti bilan allaqachon boshqa telefon apparati ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib chiqyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Vazirlik avvalo IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishning huquqiy asosiga to‘xtalib o‘tgan. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrdagi 847-sonli “O‘zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarori va 2019 yil 17 sentyabrdagi 778-sonli “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash” to‘g‘risidagi qarorlariga asosan mobil qurilmalar IMEI kodlarini ro‘yxatga olish tizimi joriy etilgan.
Nizomga asosan mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy va yuridik shaxslar uchun tegishli tartib va talablar belgilangan. Unga asosan jismoniy shaxslar uchun ro‘yxatdan o‘tkazishni onlayn (veb-sayt, Yagona Interaktiv Davlat Xizmatlari portali), masofaviy (SMS/USSD-so‘rovlar) yoki ro‘yxatdan o‘tkazish puntklariga shaxsan murojaat etish orqali amalga oshirish imkoniyatlari yaratilgan.
Jismoniy shaxslar mobil qurilmalarning IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pasport ma’lumotlari, telefon raqami va mobil qurilmaning IMEI-kodini taqdim etishi talab qilinadi. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim qilinayotgan mobil qurilmalarning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq o‘rnatilgan bojsiz olib kirish normalariga rioya etilganini tekshirish maqsadida shaxsning pasport ma’lumotlariga asosan fuqaroning O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini kesib o‘tgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiriladi. Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun Tizim operatori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bilan elektron axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Biroq, ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy bo‘lgani uchun bir odam boshqa bir shaxsning pasportiga IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish holatlari kuzatilyapti.
“Ro‘yxatdan o‘tkazish masofaviy yoki onlayn tarzda amalga oshirilayotganida foydalanuvchi bilan shaxs o‘rtasida kontakt bo‘lmasligi sababli fuqarolarning pasport ma’lumotlarini aynan shu shaxsning o‘zi yoki boshqa shaxs tomonidan taqdim qilinayotganligini tizim orqali aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Shu sababli hozirda uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlarini kiritgan holda noqonuniy ravishda olib kirilgan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazilish holatlarini oldini olish va ushbu noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan shaxslarni aniqlash maqsadida, Tizim operatori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan.
“Bugungi kunda tergov surishturuv ishlari olib borilmoqda. Tergov surishtiruv ishlari natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deya yakunlangan vazirlik bayonoti.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr