Aksilmonopoliya qo‘mitasiga aviachiptalar qimmatligi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi. Bunga mamlakat hududida xorijga parvozlar uchun aviachiptalar narxining qimmatligi turtki bo‘lgan. Bu haqda Oliy Majlis Senati Axborot xizmati xabar bermoqda.

Unda yozilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining qabul qilinishi natijasida fuqaro aviatashuvlari, shu jumladan, yerdagi infratuzilmadan foydalanishda haddan ziyod monopollashuvga barham berildi. Biroq aholi bilan muloqotlarda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan asosli e’tirozlar, joylardagi o‘rganishlar hamda mavjud ahvol ayrim yo‘nalishlar uchun aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, bugungi kunda parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi faqat bir tarafga 4 mln 700 ming so‘mni tashkil qilmoqda. Xolbuki, parvoz vaqti 3 soat 40 daqiqadan iborat Toshkent – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta narxi 4 mln 200 ming so‘m, Toshkent – Riga yo‘nalishi bo‘yicha 2 mln 800 ming so‘m (parvoz vaqti – 5 soat 30 daqiqa), Toshkent – Nyu York yo‘nalishi bo‘yicha esa 6 mln 500 ming so‘m (parvoz vaqti –  12 soat) etib belgilangan. Samolyotlar turlari esa deyarli bir xil.

“Ko‘rinib turibdiki, parvoz vaqti 1 soat 10 daqiqa bo‘lgan Toshkent–Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptaning narxi undan bir necha soat ko‘p parvoz qilinadigan yo‘nalishlar uchun belgilangan narxlardan sezilarli darajada yuqoridir. Ushbu “tushunarsiz holat” fuqarolar uchun qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda”, deyiladi so‘rovda.

Shuningdek, yozilishicha, aholi bilan joylarda o‘tkazilgan muloqotlar va tegishli tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mas’ullar narx belgilashda fuqarolar tushib qolgan tanlovsiz, murakkab vaziyatdan insofsizlarcha foydalanmoqda. Zotan, Qozog‘istonga chegaradan piyoda yoki avtotransport vositasida o‘tishga Qozog‘iston tomonidan pandemiya sababli taqiq qo‘yilgan va bizning mas’ullar ana shunday sharoitda fuqarolar majburligidan ham qimmat narxda chipta sotib olaveradi, degan ishonch bilan o‘z yurtdoshlarining manfaatlariga zid harakat (yoki harakatsizlik) qilmoqda.

Oqibatda ishlash yoki boshqa maqsadlarda qo‘shni Qozog‘istonga ketayotgan fuqarolarimiz yana asossiz va ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar haddan ziyod yuqori narxda sotilayotganini o‘rganib chiqish va natijasi borasida ma’lumotlarni taqdim etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Shohruh Shorahmetovga senator so‘rovi yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing