Aksilmonopoliya qo‘mitasi Toshkentdagi tashqi reklama “ovi”ga munosabat bildirdi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Toshkent shahrida tashqi reklama qurilmalarining sudsiz buzib tashlanishi ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlarning noroziligi aks etgan videomurojaatlari soni ortib bormoqda. Mazkur holat yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham bayonot berdi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida” 2020 yil 20 fevraldagi 104-sonli qarori bilan tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) qurish, o‘rnatish, ularga yer ajratish, to‘lovlar miqdorini aniqlash, texnik jihatdan tartibga solish va boshqa masalalar yuzasidan yagona amal qiluvchi mexanizmlar joriy qilingan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining barcha tumanlarida tegishli tuman hokimliklarining qarorlariga asosan ishchi guruhlar tashkil etilib, barcha turdagi tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalar) xatlovdan o‘tkazilgan. Natijada respublika hududlarida joylashtirilgan jami 12 318 ta tashqi reklama ob’ektlarining (konstruksiyalari)ning 7 108 tasi (57,7 foiz) qaror talablariga muvofiq emasligi aniqlangan. Shundan, Toshkent shahrida joylashgan 6 630 ta konstruksiyaning 3 207 tasi yoki 50 foizga yaqinida kamchilik aniqlangan.

Qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 7 108 ta tashqi reklama ob’ektlarining (konstruksiyalarining) 2 094 tasi yo‘l qatnov qismida joylashgan, 201 tasida oraliq masofaga rioya qilinmagan, 1 353 tasining egasi no’malumligi hamda 3 460 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.

Shundan, Toshkent shahrida joylashgan va qaror talablariga nomuvofiq deb topilgan 3 207 ta tashqi reklama ob’ektlarining (konstruksiyalarining) 1 459 tasi yo‘l qatnov qismida joylashgani, 124 tasida oraliq masofaga rioya qilmagani, 1 104 tasining egasi no’malumligi hamda 520 tasida boshqa kamchiliklar (avtomobil yo‘llarining ajratuvchi bo‘lagida, xususan, yo‘lning yonma-yon joylashgan qatnov qismlarini ajratuvchi, transport vositalari harakatlanishi yoki to‘xtashi uchun mo‘ljallanmagan, yo‘l sathidan baland va (yoki) yotiq chizig‘i bilan belgilangan qismida hamda trotuar va piyodalar yo‘lkalarida, xavfsizlik orolchalarida joylashgan va boshqalar) aniqlangan.

Qarorga muvofiq 2020 yil 31 dekabrga qadar:

•    birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida hamda 2021 yil 31 dekabrga qadar ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida joylashtirilgan tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga bosqichma-bosqich o‘zgartirish;

•    birinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida faqat video ekranli va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida aralash turdagi yuqori texnologiyali tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) o‘rnatilishi belgilangan.

Bunda birinchi va ikkinchi darajali markaziy qatnov ko‘chalarida o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) uchun reklama joylari pasporti mos ravishda mazkur bandning “v” kichik bandida ko‘rsatilgan muddatlargacha ruxsat beriladi hamda O‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) uchun to‘lovlar miqdorini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga 2-ilovada ko‘rsatib o‘tilgan bir martalik yig‘im undirilmaydi.

Tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) yuqori texnologiyali qurilmalarga o‘zgartirish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmagan taqdirda, bunday qurilmalar ularning egalari tomonidan o‘z kuchi bilan olib tashlanadi (demontaj qilinadi) va yer maydoni tartibga keltiriladi, aks holda qurilmalar sud tartibida tegishli hokimlik tomonidan demontaj qilinadi va barcha xarajatlar reklama ob’ektlari (konstruksiyalari) egalaridan undiriladi.

Shu bilan birgalikda, ushbu qaror bilan tasdiqlangan tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) qurish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablariga muvofiq tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) tartibga solish, ularga yer ajratish qurish va o‘rnatish bo‘yicha tegishli ruxsatnomalar berish hamda ushbu hujjatlarni bekor qilish bo‘yicha tuman (shahar) hokimliklari vakolatli organ hisoblanadi.

Nizomning 94-bandiga asosan tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) mazkur Nizom talablariga mos kelmagan holda joylashtirilgan bo‘lsa yoki tashqi reklama ob’ektini (konstruksiyasini) mazkur Nizom talablariga moslashtirish imkoni mavjud bo‘lmagan taqdirda, vakolatli organning ko‘rsatmasiga asosan qonun hujjatlariga muvofiq tashqi reklama ob’ektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish uchun avval tuzilgan shartnomalar, berilgan pasportlar, guvohnomalar, sertifikatlar, ruxsatnomalar va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli qarorlariga asosan bekor qilinishi, tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) egasi qarordan rozi bo‘lmagan taqdirda, sudga shikoyat qilinishi mumkinligi;

96-bandiga muvofiq ushbu Nizom talablariga javob bermaydigan tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi), shu jumladan qalbaki hujjatlardan foydalangan holda joylashtirilgan tashqi reklama pasporti, guvohnoma, ruxsatnoma va huquqni belgilovchi boshqa hujjatlar bekor qilingan taqdirda tashqi reklama ob’ekti (konstruksiyasi) qiymati qaytarilmasligi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bugungi kunda Toshkentda o‘rnatilgan tashqi reklama ob’ektlarini tartibga keltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarda qatnashayotgan barcha ishtirokchilarni qat’iy ravishda “Reklama to‘g‘risida”gi qonun va Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori talablari asosida o‘tkazilishi, tashqi reklama ob’ektlari shaharlar, shu jumladan poytaxt Toshkentning tashqi me’moriy qiyofasi saqlanishiga, shaharsozlik me’yorlariga va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlanishiga hamda reklama to‘g‘risidagi qonun talablariga zid kelmasligiga chaqirmoqda.

Avvalroq, Biznes-ombudsman Toshkent shahrida tashqi reklama konstruksiyalari buzib yuborilishi qonuniyligini o‘rganishni boshlagani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

tashqi reklama

Baholaganlar

22

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar