Amaldorlarning o‘zi yangi qonun qarindosh-urug‘chilikni yo‘q qilishiga ishonadimi?
Jamiyat
−
07 iyun
11644O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 5 iyun kuni “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunni imzolagan edi. Bugun, 7 iyun kuni ushbu qonunning mazmun-mohiyati, ahamiyati va unga oid yangiliklar haqida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda QALAMPIR.UZ jurnalisti voqea joyidan xabar berdi.
Uchrashuvda QALAMPIR.UZ jurnalisti “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun qaysi darajagacha ishlashi, bu hujjat amalda Senat, Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, Sud tizimi kabi “gigant” tashkilotlarga ham kuchi yetishiga kim kafolat berishi hamda qonunning amalda to‘liq ishlashiga qonunni ishlab chiqqan tashkilot rahbarining o‘zi ishonish-ishonmasligi haqida mutasaddilarga savol bilan murojaat qildi.
Savolga javob berar ekan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov ushbu qonun mutlaq yuqori lavozimdagi hokimlik, hukumat, parlament a’zolariga, Prezident administratsiyasi kabi hamma yuqori organlarga ham tatbiq etilishini kafolatladi, qolaversa, bu harbiylarni ham chetlab o‘tmasligini bildirdi.
“Shuning uchun ham biz buning ro‘yxatini shakllantiramiz. Bu yerda “Davlat fuqarolik xizmati” to‘g‘risidagi qonundan farqli o‘laroq bu qonun davlat organlari tashkilotlariga, 28 mingta idoraga, barchaga tatbiq etiladi. Ro‘yxatga maksimal darajada barchani kiritamiz”, deydi Burhonov.
Qabul qilingan qonun amalda ishonchni oqlashi, ishlash-ishlamasligiga to‘xtalgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori “Davlat fuqarolik xizmati“ to‘g‘risidagi qonun to‘liq ishlamayotganini, bu kabi hujjatlar borligini qayta ta’kidladi va bu kabi qonunlarning ishlamayotganiga sabab qilib qonunosti hujjati qabul qilinmagani va texnik sabablarni ko‘rsatdi.
“Meni xursand qilgan tomoni shundaki, bu qonunning kuchga kirishi uchun 6 oy vaqt berilgani. Bu hamma savolga javob bo‘ladi. Ko‘pchilikda savol bo‘ldi: nima uchun 6 oy vaqt berildi, yana ataylab cho‘zilyaptimi? Maqsad bu emas. Maqsad mana shu qonun kuchga kirganidan ishlashi kerak. Ertaga hech qanaqa savol qolmasligi kerak, ayniqsa davlat xizmatchisiga. Chunki bu kuchga kirguncha juda ko‘p holatlar bor. Bugungi kunda shu bo‘ysinuvda ishlayotgan holatlar bor. Biz endi ularni rotatsiya qilishga, ya’ni qonun kuchga kirguncha boshqa joyda ishlashiga majburlaymiz. Shuning uchun ishonch bo‘ladimi, ya’ni amalda ishlaydimi, degan savolingizga 6 oy vaqt berilganini, ikkinchidan, samarali ishlashi uchun alohida qarorlar qabul qilinganini keltirish mumkin.
Prezidentimiz nima uchun bu qonunni imzolashi kechiktirdi? Aynan mana shu qarorlar ishlab chiqish, to‘liq ishlashi uchun komissiya a’zolariga kimlarni qo‘shishimiz, nima ishlarni amalga oshirishimiz punktma-punkt yozib chiqildi” , deydi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov.
LiveBarchasi