“Akalikda otamdek akam” yoxud o‘zbek sportidagi aka-ukalar

Sport

Boksda Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, futbolda Odil Ahmedov, MMA'da esa Nursulton Ro‘ziboyev kabi nomlarni nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda ham yaxshi tanishadi, chunki yuqorida nomlari keltirilganlar avvalo sportdagi yaxshi natijasi o‘laroq, shu bilan birga shaxsiy hayot va doimiy shov-shuvlar qurshovida yurishi bilan ham tanilgan.

E’tiborlisi, Odil Ahmedov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Nursulton Ro‘ziboyev va Hasanboy Rahimovlar oilasidan yana bir nafardan vakil akalari tanlagan yo‘ldan yurib, sportda o‘z omadini sinab ko‘rishga qaror qilgan. Hozircha ukalarda natijalar akalariniki kabi maqtanarli va salmoqli emas. Bu bir tarafdan yosh bilan bog‘liq bo‘lsa, bir tomondan shaxsiy xarakter va dunyoqarash bilan uyqash holat bo‘lishi mumkin. 

Odil Ahmedov (O‘FA-vitse prezidenti) – Azim Ahmedov (Navbahor PFK a’zosi)

Odil Ahmedovning futbolchilik faoliyati bilan ko‘pchilik yaxshi tanish. U O‘zbekiston milliy terma jamoasini Jahon chempionatiga olib chiqishni barcha futbolchilardan ko‘proq xohlagandi. Maydon markazidagi ishonchli o‘yini bilan nafaqat terma jamoada, balki o‘zi o‘ynagan o‘zbek va xorij klublarida ham yetakchi bo‘la olgandi. Odil Ahmedovning ukasi 31 yoshli Azim Ahmedov ham akasi singari yaxshi futbolchi bo‘lishni maqsad qilib, katta futbolga dastlabki qadamlarini Namanganning “Navbahor” klubida tashlagan. Biroq Azim Ahmedovning faoliyati akasiniki kabi yorqin bo‘lmadi. Uka 2016 yilda milliy terma jamoadan chaqiruv olgandi. Umumiy 10 ta bahsda milliy jamoa libosida ko‘rinish bergan Azim Ahmedov 2 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan. Faoliyatining aksar qismini Namangan klubida o‘tkazgan. Hozirda ham “Navbahor” sharafini himoya qilmoqda. Azim Ahmedovning faoliyatini Odil Ahmedovning karerasiga o‘xshab yorqin bo‘lmaganiga bir necha sabablarni keltirish mumkin. Balki, bunga futbolchining xarakteri ham sababdir. Ijtimoiy tarmoqlarda Azim Ahmedov hali bu futbolchi bilan tortishib ketdi, hali bu futbolchi bilan kelisholmay qoldi, degan xabarlarga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Misol uchun, 19 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston kubogi doirasida OKMK-“Navbahor” o‘yinidagi epizod orqali ham Azim Ahmedovning tarmoq foydalanuvchilari muhokamasida bo‘ldi. Azim Ahmedov yaqin o‘tmishda Odil Ahmedov bilan O‘zbekiston milliy terma jamoasi sharafini munosib himoya qilgan, hozirda OKMKda to‘p tepayotgan himoyachi Vitaliy Denisov bilan tortishib qoldi. Avvalo, futbolni emotsiyalar, tortishuvlar va bahsli vaziyatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ba’zida asablarni jilovlash ham mushkul ishga aylanadi. Azim Ahmedov esa “Navbahor” klubining yetakchisi va sardori. Hozirda Namangan klubi OCHLda ishtirok etmoqda. O‘zbek futboli ixlosmandlari esa Azim Ahmedov va u to‘p tepadigan “Navbahor” klubining turnirda imkon qadar uzoqroqqa borishidan umidvor. 

Bahodir Jalolov (Olimpiada chempioni) – Samandar Jalolov (O‘zbekiston chempioni) 

Havaskor boksda barcha titullarni qo‘lga kiritib bo‘lgan Bahodir Jalolov hozirda e’tiborini profboksga qaratgan. 17 noyabr kuni "Big uzbek" profboksdagi navbatdagi jangini janubiy afrikalik Kris Tompsonga qarshi o‘tkazadi. Jang Toshkentdagi Humo arenacida bo‘lishi rejalashtirilgan. Bahodirning ukasi Samandar Jalolovning ham hozircha havaskor boksda qayd etayotgan natijalari chakki emas. 19 yoshli Samandar -75 kg vazn toifasida O‘zbekiston chempioni hisoblanadi. Shuningdek, bir nechta xalqaro musobaqalarda ham sovrindor bo‘lishga ulgurgan. Bugungi kunda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti talabasi hisoblangan Samandar Jalolovning hayotdagi kumiri shubhasiz akasi Bahodir Jalolovdir.

“Hayotda ham, jangda ham xato qaror qabul qilsam, yutishim kerak bo‘lgan mag‘lubiyatga uchrasam akamdan yaxshigina dakki eshitaman”, deydi Samandar Jalolov.

Kichik Jalolov o‘tgan yili noyabr oyida o‘tkazilgan kattalar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, final janglarini arenadan kuzatib borgan Bahodir Jalolov ukasining jangiga kelganda tribunada ko‘rinmay qoldi. O‘ziga nisbatan ancha tajribali bo‘lgan Shohjahon Abdullayevga qarshi jang qilgan Samandar Jalolov chempionlikni qo‘lga kiritdi, chunki 1-raunddan keyin Abdullayev bahsni davom ettirishni istamadi. Balki, Bahodir Jalolov jigarining janglarini tomosha qila olmas, balki emotsiya va ehtiroslarini jilovlay olmas yoki jangni tomosha qilmaganining boshqa sabablari bordir. Xullas, Samandar Jalolov O‘zbekiston chempioni va o‘ylaymizki, u kelgusida kerak bo‘lsa akasidan o‘tadigan kuchli charm qo‘lqop ustasi bo‘lib yetishadi.  

Nursulton Ro‘ziboyev (UFC jangchisi) – Mashrabjon Ro‘ziboyev (turli MMA ligalarida janglar o‘tkazgan)

Turli MMA ligalardagi faoliyatidan so‘ng shu yilning iyun oyiga kelib Ro‘ziboyevlarning kattasi, ya’ni Nursulton Ro‘ziboyev dunyoning eng nufuzli MMA tashkiloti UFC bilan shartnoma imzoladi. Ro‘ziboyevning tashkilotdagi debyuti ham juda omadli bo‘ldi. U debyut jangida UFC Vegas 76 turniri doirasida braziliyalik Bruno Ferreyraga qarshi oktagonga ko‘tarilib, 1 daqiqa 20 soniyada raqibini mag‘lub etdi. Ro‘ziboyev UFC’dagi 2-jangini o‘z vaqtida Mahmud Murodovni mag‘lubiyatga uchratgan braziliyalik Kayo Baralloga qarshi o‘tkazishi kerak edi, biroq o‘zbekistonlik jangchi jarohati sabab Kayoga qarshi oktagonga chiqmaydigan bo‘ldi. Hozirga kelib Nursulton Ro‘ziboyev jarohatidan forig‘ bo‘lib mashg‘ulotlarga qaytgan. Nursulton Ro‘ziboyevning 27 yoshli ukasi Mashrabjon Ro‘ziboyev ham hozirgi kunda MMA’da faoliyat yuritib keladi. Nursulton Ro‘ziboyevning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, avvallari Mashrabjon mashina tuzatish bilan shug‘ullangan, lekin bir-bir MMA janglarida qatnashib turgan. Hatto bir marta  Nursulton Ro‘ziboyevning biroz e’tiborsizligi tufayli Mashrabjonga OpenFC musobaqasida jiddiy raqib duch kelib qolgan va Mashrabjon Ro‘ziboyev og‘ir mag‘lubiyatni qabul qilib olgan. Kichik Ro‘ziboyev MMAdagi oxirgi jangini qirg‘izistonlik Nurjigit Qorayevga qarshi o‘tkazib, texnik nokaut evaziga g‘alabaga erishdi.

Ma’lumot uchun, Mashrabjon Ro‘ziboyev shu vaqtga qadar MMAda umumiy 20 ta jang o‘tkazib, 17 tasida g‘alaba qozongan. 3 ta jangda esa imkoniyatni boy bergan.  

Hasanboy Do‘smatov (Olimpiada chempioni) – Faryozbek Do‘smatov (bokschi)

Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lib, havaskor boksdagi titullari sonini to‘liq ko‘rinishga keltirgan Hasanboy Do‘smatov o‘tgan yili 6 noyabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida professional boks kechasida ishtirok etdi. O‘sha kuni Hasanboy Janubiy Afrika Respublikasi vakili Sifamandla Baleniga qarshi ringga ko‘tarilib, g‘alabaga erishdi. Hasanboyning 18 yoshli ukasi Faryozbek Do‘smatov ham bugungi kunda boksda faoliyat olib bormoqda. Faryozbek 2022 yili dekabr oyida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining finaliga qadar yetib borib, o‘zbek boksi mutaxassislarining e’tiboriga tushdi.

Qizig‘i, o‘sha O‘zbekiston chempionatining final bahsida Faryozbek o‘z akasiga qarshi ringga chiqishiga to‘g‘ri kelgandi biroq, keyinchalik musobaqa hakamlari Faryozbekni yarim final jangida taqiqlangan zarbalardan foydalangani uchun finaldan chetlatgandi. Mabodo Faryozbekka finalda qatnashishga ruxsat berilgan taqdirda ham, katta Do‘smatov ukasiga qarshi ringga ko‘tarilishga rad etgan bo‘lardi. Bu haqda sportchining o‘zi OAVga bergan intervyularida aytib o‘tgan.

Hasanboy Rahimov (erkin kurash bo‘yicha Islom birdamligi o‘yinlari sovrindori) - Husanboy Rahimov (MMA jangchisi)

Egizaklarning kattasi erkin kurashdagi faoliyati bilan yaxshigina tanilib ulgurgan. Hasanboy Rahimov o‘tgan yili Xanchjou shahri mezbonlik qilgan Osiyo o‘yinlarida ham ishtirok etdi, biroq bronza medali uchun bahsda imkoniyatni boy berdi. Shuningdek, Hasanboy Rahimov Tokio-2020 Olimpiadasi ishtirokchisi sanaladi. U turli yillarda turli yosh toifalarida Jahon va Osiyo chempionatlarida sovrindor bo‘lgan.

Husanboy Rahimov esa 2021 yil Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida o‘tkazilgan MMA bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida g‘olib bo‘lib, sport ishqibozlari e’tiboriga tushgan. E’tiborlisi, o‘sha chempionatda Hasanboy Rahimov ishtirok etib, -120.2 kg vazn toifasida chempion bo‘lgan. Husanboyga esa -93 kg da teng keladigan raqib topilmagan.

Ikkala sportchining OAVga ma’lum qilishicha, o‘sha turnirdagi g‘alabadan keyin Rahimovlarga Jahon chempionatida ishtirok etishi va’da qilingan, biroq keyinchalik turli sabablarga ko‘ra, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi rahbariyatiga aloqador insonlardan biri va’dasida turmagan.  Bu haqda Rahimovlarning o‘zi ijtimoiy tarmoqlarda aytib o‘tgan.

“Bizga nisbatan qilingan ishlardan so‘ng, endi O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasining turnirlarida ishtirok etmaymiz”, degan Husanboy Rahimov.

Albatta, iqtidorli sportchilarga qilingan adolatsizlik ularning sportdan ko‘ngli sovishiga sabab bo‘ladi. Bu esa o‘zbek sporti rivoji uchun salbiy ta’sir qiladi. Kerakli xulosani biz emas, balki mas’ullar chiqarishi kerak.

QALAMPIR.UZ o‘zbek sportidagi barcha aka-ukalar, qarindoshlar mavzusiga yana qaytadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing