Akalar orzu yo‘lida, ukalar esa mundialda – Sport dayjesti
Tahlil
−
26 noyabr 2023
6491Futbol vatanini dog‘da qoldirgan o‘zbekistonlik o‘smirlar, nihoyat Toshkentda Eronga yutqazmagan terma jamoa, Superligada tengsiz bo‘lgan Ortiqxo‘jayevning “sherlar”i va olamshumul natija qayd etgan 14 yoshli shaxmatchi qiz bugun e’tibor markazida bo‘ladi. Assalomu alaykum. QALAMPIR.UZ’da sport dayjesti.
***
21 noyabr kuni “Bunyodkor” stadionida futbol bo‘yicha Jahon chempionatining 2-saralash bosqichi doirasidan o‘rin olgan O‘zbekiston-Eron o‘yini yakunlandi. Bahsda jangovar 2:2 hisobi qayd etildi.
Asabiy ruhda kechgan bahs “E” guruhining 2-turi doirasida o‘tkazildi. 1-taymda eronliklar mezbonlar darvozasiga 2 ta to‘p kiritib hisobdagi ustunlikni qo‘liga oldi.
2-taymda O‘zbekicton milliy terma jamoasini Oston O‘runov va Igor Sergeyevning gollari mezbonlarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
Bahs davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarjimoni Davron Ahmedovga qizil kartochka ko‘rsatildi.
Ikki turdan keyin O‘zbekiston Eron bir xil, 6 ochko to‘plab guruhda peshqadamlik qilmoqda.
***
22 noyabr kuni Indoneziyada davom etayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatining nimchorak final o‘yini bo‘lib o‘tdi. Mazkur bosqichda O‘zbekiston o‘smirlari futbol vatani bo‘lmish Angliya vakillarini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Uchrashuvning ilk daqiqalarida ustunlikni qo‘lga olgan Jamoliddin Rahmatullayev shogirdlari 4-daqiqada Amirbek Saidovning goli evaziga hisobda oldinga chiqib qoldi. Vaqt o‘tishi bilan inglizlar ustunlikni o‘z tarafiga og‘dirdi. 36-daqiqada Ndala birga-bir vaziyatdan unumli foydalanib hisobdagi muvozanatni tikladi.
Ikkinchi taymning 67-daqiqasida O‘zbekiston sardori Lazizbek Mirzayev standart vaziyatdan unumli foydalanib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Shu bilan o‘yinda hisob o‘zgarmadi.
Shunday qilib, O‘zbekiston o‘smirlari Jahon chempionatidagi o‘zining eng yaxshi natijasini takrorladi. Oxirgi marta 2011 yilda Aleksey Yevstafeyev murabbiyligidagi jamoa Meksika mezbonlik qilgan o‘smirlar mundialida chorak finalga chiqqandi.
Endi O‘zbekiston terma jamoasi chorak finalda Fransiya-Senegal juftligi g‘olibi bilan to‘qnash keladi.
***
22 noyabr tongida Braziliya va Argentina terma jamoalari o‘rtasida 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining 6-tur uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Rio-de-Janeyrodagi “Marakana” stadioni mezbonlik qilgan uchrashuvda muxlislar o‘rtasida bir qator tartibsizliklar kuzatildi.
Chililik Pero Masa Gomes boshqarib borgan o‘yin starti 5:30 ga belgilangan edi.
Stadionda muxlislar o‘rtasidagi mushtlashuv sabab Braziliya va Argentina o‘rtasidagi o‘yinning boshlanishi kechiktirildi. Biroz vaqt o‘tib o‘yin boshlandi. Mehmon muxlislar va mahalliy politsiya o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuv oqibatida Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi hamyurtlarini kaltaklanayotganidan norozi bo‘lib, jamoadoshlarini maydondan olib chiqib ketdi. Keyinroq futbolchilar yana maydonga chiqib qildi. Epizodlardan birida De Paul va Rodrigo bahslashib ketdi va vaziyatga Messi aralashib, Rodrigoning bo‘ynidan ushladi.
Rodrigoning Messiga qarata aytgan “Sizlar qo‘rqoqsiz”, degan gapiga 8 karra Oltin to‘p sohibi “Biz jahon chempionimiz. Nima deyayotganingni bilasanmi?”, deb javob qaytardi.
Asabiy o‘yin mehmonlarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Bahsdagi yagona golga 63-daqiqada Nikolas Otamendi mualliflik qildi. 83-daqiqada Braziliya a’zosi Joelinton hakam tomonidan o‘yindan chetlatildi.
Besh turdan keyin Argentina 12 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Braziliya 7 ochko bilan 5-o‘rinda bormoqda.
Argentina so‘nggi o‘yinda Urugvayga mag‘lub bo‘lgandi (0:2). Braziliya saralash bosqichida ketma-ket ikkita mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Bir necha kun oldin “tanlanganlar” Kolumbiyaga (1:2), oktyabrda esa Urugvayga (0:2) imkoniyatni boy bergandi.
***
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori va Italiyaning “Kalyari” klubi a’zosi Eldor Shomurodov Sardiniya jamoasi safida mavsumiga 1,5 million yevro maosh olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Tuttomercatoweb.com” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, “Kalyari” o‘z futbolchilariga umumiy 19 million yevrodan ortiq maosh to‘laydi. Jamoada eng ko‘p maosh oladigan futbolchi bu italiyalik Andrea Petanya hisoblanadi. 28 yoshli hujumchi mavsumiga 1,8 million yevro oladi.
Ta’kidlash joiz, Shomurodov ham o‘z klubida eng ko‘p maosh oladigan futbolchilardan biri hisoblanadi. Faqatgina Nandes va Petanya o‘zbekistonlik hujumchidan ko‘proq ishlab topadi.
Eldor Shomurodovning “Kalyari”dagi joriy mavsum statistikasi havas qilarli emas. Futbolchi Sardiniya klubida ushbu mavsum jami 12 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta golli uzatmani amalga oshirishni uddaladi xolos. Transfer huquqi Rimning “Roma” klubiga tegishli bo‘lgan 28 yoshli Shomurodovning joriy klubi shartnomasi keyingi yil yozda nihoyasiga yetadi.
***
Bugun, 23 noyabr kuni Qatar poytaxti Doha shaharida U-23 Osiyo kubogining final bosqichiga qur’a tashlandi. O‘zbekiston musobaqaning “D” guruhidan joy oldi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, musobaqa guruh bosqichida O‘zbekiston Olimpiya termasiga Vetnam, Quvayt va Malayziya jamoalari raqiblik qiladi.
“B” kvartetini bemalol “o‘lim” guruhi deyish mumkin, chunki ushbu kvartetdan Yaponiya, Janubiy Koreya, BAA va Xitoy jamoalari o‘rin oldi.
Ta’kidlash joiz, Temur Kapadze shogirdlari shu yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bronza medallariga ega chiqqandi.
Ma’lumot uchun, U-23 Osiyo kubogi 2024 yil 15 apreldan 3 mayga qadar o‘tkaziladi. Turnir sovrindorlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olimpiadaga yo‘l olsa, 4-o‘rin egasi pley-off o‘yinida Afrika vakili Gvineya bilan to‘qnash keladi.
***
Zo‘ravonlikda ayblanayotgan “Al-Nasr” hujumchisi Krishtianu Ronaldu oqlandi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Avvalroq, model Ketrin Mayorga portugalni zo‘ravonlikda ayblab, da’vo arizasi yozgandi, biroq modelning da’vosi sud tomonidan rad etildi.
Jarayon 2018 yilning sentyabrida boshlangan. Mayorgaga ko‘ra, 2009 yil iyun oyida Ronaldu mehmonxonada Mayorgani zo‘rlagan. Model bo‘lib o‘tgan voqealarni hech kimga aytmagani uchun Ronaldudan 375 ming AQSH dollar olganini aytgan.
Keyinchalik portugaliyalik futbolchi Mayorgaga haqiqatdan ham pul berganini tan oldi, lekin zo‘rlash faktori haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
2021 yil aprelida Mayorga Ronaldudan ma’naviy zarar uchun tovon puli sifatida 65 million yevro talab qilgan, biroq modelning ayblovi o‘z isbotini topmagan. 2022 yil iyun oyida uning da’vosi rad etildi - sudya Jennifer Dorsi da’vogarni noto‘g‘ri xatti-harakatlari va o‘g‘irlangan maxfiy hujjatlardan foydalangani sabab bu ishni rad etdi.
***
Avvalroq Italiyada o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionatida o‘zbekistonlik Afruza Hamdamova 14 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasidagi bahslarda muddatidan avval chempionlikni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva mazkur g‘alabasi uchun Afruza Hamdamovani tabrikladi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
“Afruza o‘tgan yili “Zakovat-Gambit” turnirining C toifasida g‘olib bo‘lgan edi, bugun esa u – jahon chempioni! Tabriklayman, Afruza! Bu – misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat, tengdoshlar uchun zo‘r motivatsiya va mamlakatimiz uchun iftixor manbaidir! Qizlarimiz uchun jahon birinchiliklari sari yo‘lni dadil ochib berganingiz uchun tashakkur!” degan Prezident yordamchisi.
Mirziyoyeva shuningdek, Afruzaning murabbiylariga va ota-onasiga ham rahmat aytgan.
Ma’lumot uchun, Montesilvano shahri mezbonlik qilayotgan bahslarda Afruza 10 turda 9 ochko jamg‘arib, barcha raqiblaridan 1 ochkoga oldinga chiqib olgan holda muddatidan oldin turnir chempionligiga ega chiqdi. Bu orqali Hamdamova shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston tarixida qizlar o‘rtasida ilk jahon chempioni sifatida qayd etildi.
***
24 noyabr kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 25-turida Toshkent shahrining “Paxtakor” klubi Surxondaryo viloyatining “Surxon” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuv 1:2 hisobida toshkentliklar foydasiga hal bo‘ldi.
Uchrashuvning birinchi bo‘limida har ikki klubning ham darvozasiga to‘p kiritilmadi. Ikkinchi bo‘limda esa “sherlar” hisobni ochdi, 53-daqiqada Dilshod Saidov o‘z nomiga gol yozdirib qo‘ydi. Bahsning 66-daqiqasida Azizbek Turg‘unboyev hisobni 0:2 ko‘rinishiga keltirdi.
“Surxon” futbolchilari 72-daqiqaga kelibgina hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi, bu golga Silvanus Nimeli mualliflik qildi. Qolgan daqiqalarda hisob o‘zgarmadi va “Paxtakor” g‘alabani qayd etdi.
Toshkent klubi shu tariqa ochkolari sonini 53 taga yetkazib olgan holda o‘z nomiga muddatidan oldin 2023 yilgi mavsum chempionligini rasmiylashtirib qo‘ydi.
“Paxtakor” bu orqali 2024/25 yilgi yangilanayotgan Elit Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu yangicha musobaqa bo‘lib, unda qit’aning eng kuchli 24 ta klubi ishtirok etadi.
Ma’lumot uchun, “Paxtakor” 1992, 1998, 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2012, 2014, 2015, 2019, 2020, 2021, 2022, 2023 yillarda – umumiy hisobda 16 bor O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
LiveBarchasi