Akademik ta’til berishning yangi tartibi o‘rnatilmoqda
Jamiyat
−
04 fevral 2021
2879O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida akademik ta’til berishning yangi tartibi o‘rnatilmoqda.
Unga ko‘ra, akademik ta’til olishni istagan talabalar o‘z ixtiyori bilan akademik ta’til muddatiga ta’limning sirtqi va masofaviy shakliga o‘tkazilib (agar oliy ta’lim muassasasida bunday ta’limning shakllari mavjud bo‘lsa), ularga uzluksiz mustaqil ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Oilasining betob a’zosini parvarish qilish sababli an’anaviy shakldagi ta’limni davom ettirish imkoniyati bo‘lmagan talabalarga ham akademik ta’tilni olish huquqi beriladi.
Talabalarga o‘qish davomida akademik ta’til berilishi bo‘yicha miqdoriy cheklovlar bekor qilinadi.
Shuningdek, akademik ta’tildan qaytgan talabalarni ilgari o‘zlashtirilgan fanlar bo‘yicha qaytadan o‘qitish amaliyoti bekor qilinadi.
Bularning barchasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonda o‘z aksini topgan.
Farmonga ko‘ra, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda akademik ta’til olishni istagan talabalar tomonidan sirtqi va masofaviy shaklda mustaqil ta’lim olishni tashkil etish, oliy ta’lim muassasalarida eksternat tartibida ta’lim olish bo‘yicha huquqiy asoslarni yaratishni nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan.
LiveBarchasi