AQSH Eronga qarshi operatsiyaga qancha harbiy jalb qilgani aytildi
Olam
−
04 mart 12674 3 daqiqa
Bugun, 4 mart kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) boshlig‘i, general Bredli Kuper Eronga qarshi olib borilayotgan harbiy operatsiya ko‘lami haqida ma’lumot berdi. Bu haqda u tashkilotning X sahifasida xabar berdi.
Uning aytishicha, amaliyotda hozirning o‘zida 50 mingdan ortiq amerikalik harbiy xizmatchi hamda 200 ta qiruvchi samolyot ishtirok etmoqda.
General Kuper videomurojaatida yaqin kunlarda mintaqaga qo‘shimcha kuch va texnikalar yetib kelishi kutilayotganini ham ta’kidlagan.
“Bular ulkan otishma kuchga ega bo‘lib, AQSHning Yaqin Sharqdagi eng katta sonini ifodalaydi”, degan Kuper.
Ma’lum qilinishicha, operatsiya yuqori intensivlikda olib borilmoqda. Zarba berilayotgan ob’ektlar qatoriga Eron hududidagi harbiy markazlar, qo‘mondonlik va boshqaruv punktlari, rahbariyat uchun mo‘ljallangan himoyalangan boshpanalar hamda strategik infratuzilma inshootlari kiradi.
Eron tomoni Qurolli kuchlari soni 2025–2026 yillardagi hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 610 ming nafar faol harbiy xizmatchini tashkil etadi. Bundan tashqari, mamlakatda zaxira kuchlari va harbiylashtirilgan tuzilmalar ham mavjud ekani ochiq manbalarda qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Eronga qarshi qanday qurollardan foydalanayotgani haqida xabar berilgandi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga “immunitet” olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
Barchasi