AQSHning davlat qarzi 36 trln dollardan oshdi

Olam

image

AQSH davlat qarzi 36 trillion dollardan oshib, bir yil ichida 2,4 trillion dollarga ko‘paydi. Bu haqda Qo‘shma Shtatlar Moliya vazirligi xabar berdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSH davlat qarzi 36,2 trillion dollarga yetgan. Bir yil ichida qarz 7 foizga yoki 2,4 trillion dollarga oshgan. So‘nggi besh yil ichida davlat qarzi 23,1 trillion dollardan 1,6 barobar oshgan bo‘lsa, oxirgi o‘n yil ichida ikki barobarga, ya’ni 18,04 trillion dollardan oshgan.

Bildirilishicha, 2025 yil 2 yanvardan boshlab Qo‘shma Shtatlar davlat qarzining maksimal chegarasi qayta tiklanadi. Moliya vaziri Janet Yellen Kongressga yozgan maktubida qarz chegarasi 14-23 yanvar oralig‘ida chegaraga yetishi mumkinligi va bu vazirlik tomonidan favqulodda choralar ko‘rishni talab etishini aytgan. Yellen, shuningdek, 2023 yil iyun oyida qabul qilingan fiskal mas’uliyat to‘g‘risidagi qonun bilan davlat qarzi chegarasi vaqtinchalik bekor qilinganini eslatib, Kongressni mamlakatning kredit salohiyatini himoya qilish uchun chora ko‘rishga chaqirgan.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining baholariga ko‘ra, 2024 yil oxirida AQSH davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 121 foizga, 2029 yilga borib esa 131,7 foizga yetadi. Jo Bayden Prezidentlikka kirishganidan buyon AQSH davlat qarzi 2021 yilda 28 trillion dollardan, bugungi kunda esa rekord darajada – 36 trillion dollardan oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi hajmi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 32,5 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 27,7 mlrd dollarga yetgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh davlat qarzi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing