AQSHning dahshatli qamoqxonasi yopilishi mumkin
Olam
−
13 fevral 2021
9317AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Guantanamo qamoqxonasini yopish niyatida. Bu haqda Oq uy Matbuot kotibi Jen Psaki xabar berdi.
Baydenning prezidentlik muddati tugamasdan Guantanamo qamoqxonasi yopiladimi, degan savolga kotib Psaki quyidagicha javob qaytardi:
“Bu, albatta, bizning maqsadimiz va niyatimiz”.
Ma’muriyat ushbu qamoqxonaning zarurligini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha jarayonni boshlab yuborgan. Bayden qamoqxonani yopish to‘g‘risidagi farmonni yaqin haftalarda imzolashni rejalashtirmoqda, ammo uning faoliyati darhol to‘xtatilmasligi mumkin.
Shuningdek, Pentagon rahbari Lloyd Ostin Guantanamoni yopish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Ma’lumot o‘rnida, Guantanamo qamoqxonasi terrorchilikda gumon qilinganlarni saqlash uchun 2002 yil Kubada tashkil etilgan. Ushbu qamoqxonada mahbuslarni qiynoqqa solish va ularni ayblovsiz uzoq muddat hibsda saqlash bo‘yicha ko‘plab dalillar paydo bo‘lgani uchun inson huquqlari tashkilotlari tomonidan ko‘p bora tanqid qilingan.
Qamoqxonaning yopilishi Barak Obamaning saylovoldi va’dalaridan biri bo‘lgan. Biroq u buning uddasidan chiqa olmadi. Prezident sifatida Obama Guantanamo qamoqxonasini yopish uchun bir necha bor uringan, ammo uning harakatlariga har safar Kongress tomonidan to‘sqinlik qilingan. Shunday bo‘lsa-da, uning prezidentlik yillarida qamoqdagi mahbuslar soni 245 kishidan 41 kishiga kamaydi. Biroq Obamaning o‘rnini egallagan Donald Tramp qamoqxona faoliyatining davom etishi to‘g‘risida farmon chiqardi.
Hozirda qamoqda 40 nafar mahbus saqlanadi. Ularning aksariyati deyarli yigirma yildan beri sud qarorisiz hibsda ushlab turilibdi.