AQSH harbiylari O‘zbekiston suv omborlari xavfsizligini ta’minlashda yordam beradi
Jamiyat
−
16 mart 2021
18836Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy mutaxassislari O‘zbekistonga texnik kuzatuv va to‘g‘on xavfsizligi darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalarni ishlab chiqishda yordam beradi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, AQSH armiyasi harbiy muhandislar korpusining (United States Army Corps of Engineers, USACE) gidrotexnika inshootlari faoliyatining xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha mutaxassislari 15-28 mart kunlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan “Hisorak” va “To‘palang” suv omborlarining holatini o‘rganadi.
Xabarga ko‘ra, amerikalik mutaxassislar tekshiruv faoliyatini Suv xo‘jaligi vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, “Davsuvxo‘jaliknazorat” davlat inspeksiyasi va boshqa tuzilmalar vakillari bilan birgalikda o‘tkazadi.
“Mutaxassislar ushbu gidrotexnika inshootlarining bugungi holati va yaxlitligini o‘rganadi, ularning faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni tahlil qiladi. Ushbu jarayonda ob’ektlarning texnik hujjatlarini o‘rganish bilan bir qatorda to‘g‘onlarni zamonaviy uskunalar bilan bevosita tekshirish ham rejalashtirilgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tadqiqot natijalari asosida ehtimoliy nosozliklar modellarini ishlab chiqish, ularning yuzaga kelishi mumkin oqibatlarini tahlil qilish, shuningdek, to‘g‘onlarning texnik monitoringini o‘tkazish va xavfsizlik darajasini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.