AQSHdagi noqonuniy migrantlar soni deyarli 1 millionga kamaydi
Olam
−
21 iyun 3145 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning boshida mamlakatdagi noqonuniy migrantlarga qarshi kurashni boshlagach, ularning soni deyarli bir millionga kamaydi. Bu haqda Shtatlar Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga tayanib, AQSH Migratsiya tadqiqot markazi mustaqil ilmiy-tadqiqot tashkiloti xabar berdi.
“Bizning qayta ishlanmagan ma’lumotlar asosidagi tahlilimiz shuni ko‘rsatadiki, 2025 yil yanvardan maygacha chet elliklar – ishlayotgan hamda ishlamaydiganlar soni jami 957 ming kishiga kamaygan”, deyiladi xabarda.
Mutaxassislarning dastlabki bahosiga ko‘ra, joriy yilning may oyi holatiga AQSHda 14,8 million noqonuniy migrant yashagan va bu yanvar oyiga nisbatan 1 million kishiga kam. Hisobot mualliflarining taxminicha, AQSH fuqaroligiga ega bo‘lmagan chet elliklar “Trampning prezidentlik saylovlaridagi g‘alabasi va huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan migrantlarni chiqarib yuborishga doir sa’y-harakatlarning faollashuvi” fonida mamlakatni tark etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Oq uy rahbari ko‘p bor immigratsiya siyosatini keskinlashtirish tarafdori ekanini bildirgan edi. U inauguratsiyadan so‘ng darhol AQSH va Meksika chegarasida favqulodda holat rejimini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Shundan so‘ng, Donald Tramp mamlakat tarixidagi eng yirik noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish amaliyotini boshladi.
Shuningdek, endilikda bugun, 21 iyundan boshlab AQSHning F, M yoki J noimmigratsion vizasiga murojaat etuvchi barcha shaxslarning barcha ijtimoiy tarmoq akkauntlaridagi maxfiylik sozlamalarini “ommaviy” holatga o‘tkazishi talab etiladi. Bu AQSH qonunchiligiga muvofiq ravishda, talabgorlarning shaxsini va Qo‘shma Shtatlarga kirish huquqini aniqlash uchun zarur bo‘lgan tekshiruvni osonlashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Live
Barchasi