AQSHda viza muddati tugagan xorijliklar aeroportlarda “ovlanmoqda” 

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakat aeroportlarida viza muddati o‘tgan xorijliklarni ommaviy tarzda qo‘lga olishni boshladi. Endilikda bu amaliyot nafaqat deportatsiya haqida qarori bor shaxslarga, balki AQSHda qolish uchun arizasi ko‘rib chiqilayotgan ayrim muhojirlarga ham tatbiq etilmoqda. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Bildirilishicha, so‘nggi haftalarda kamida 15 ta aeroportda fuqarolik kiyimidagi immigratsiya xodimlari ro‘yxatdan o‘tish punktlari va uchib kelish zallarida xorijliklarni qo‘lga olgan. Ushlanganlar orasida AQSH fuqarolarining turmush o‘rtoqlari, texnologiya sohasi xodimlari hamda vizasi muddati tugagan bo‘lsa-da, uni uzaytirish yoki grin-karta olish uchun ariza topshirgan shaxslar ham bor.

Qayd etilishicha, ilgari bunday shaxslar, agar jinoyat sodir etmagan bo‘lsa, odatda deportatsiya uchun ustuvor toifa hisoblanmagan va arizalari ko‘rib chiqilayotgan davrda qo‘lga olinmagan. Biroq Tramp ma’muriyatining noqonuniy migratsiyaga qarshi siyosati kuchaytirilgani ortidan bu amaliyot o‘zgargan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi tartib Transport xavfsizligi ma’muriyati hamda Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati o‘rtasidagi hamkorlik kengaytirilgani ortidan joriy etilgan. Avvalroq, ushbu tizim faqat deportatsiya to‘g‘risida qarori mavjud shaxslarni aniqlash uchun qo‘llanilgan bo‘lsa, endilikda vizasi muddati tugagan xorijliklarni ham qamrab olmoqda.

AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi vakili bu dastur kengaytirilganini rasman tasdiqlamagan. Vazirlikning bildirishicha, mamlakatda noqonuniy yurgan xorijliklar “AQSHni tark etishdan boshqa maqsadda erkin parvoz qila olmasligi” uchun choralar ko‘rilayotgani ta’kidlangan.

Nashrning yozishicha, har yili yuz minglab xorijliklar AQSHda viza muddati tugaganidan keyin ham qoladi. Ularning ko‘pchiligi vizani uzaytirish yoki doimiy yashash huquqini olish uchun murojaat qilgan bo‘lib, ayrimlari amaldagi ishlash ruxsatnomasiga ham ega. Shunga qaramay, so‘nggi choralar bunday toifadagi shaxslarga nisbatan ham qo‘llanila boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH hukumati doimiy yashash huquqini (grin-karta) olmoqchi bo‘lgan xorijliklar uchun pul ko‘rinishidagi garov summasini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing