AQSHda uy ustiga samolyot qulab tushdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
23 may 6625 2 daqiqa
AQSHning Kaliforniya shtati San-Diyego hududida kichik xususiy samolyot uy ustiga qulab tushdi. Hozirgacha hodisa oqibatida ikki kishining halok bo‘lgani va sakkiz kishining tan jarohati olgani ma’lum. Bu haqda ABC News xabar berdi.
AQSH Federal fuqarolik aviatsiyasi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Cessna 550 rusumli kichik samolyot mahalliy vaqt bilan taxminan tonggi 3:45 atrofida qo‘nishga bir necha soniya qolganida qulagan. Samolyot bortida olti kishi bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, samolyot Sound Talent Group musiqa agentligining hammuassisi Deyv Shapiroga tegishli bo‘lgan. Agentlik uning halokat oqibatida vafot etganini tasdiqlagan.
San-Diyego yong‘in xavfsizligi boshqarmasi yordamchi rahbari Den Eddi matbuot anjumanida besh kishi tutundan zaharlanish bilan shifoxonaga yotqizilganini, yana bir kishi derazadan chiqishga urinayotganda tan jarohati olganini ma’lum qilgan. Yana ikki kishiga yengil shikast yetgan.
Eddining aytishicha, samolyotning qulashiga tongda bu hududda kuzatilgan quyuq tuman sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Nashrning yozishicha, samolyot halokati katta yong‘inga sabab bo‘lgan. Oqibatda 10 ta bino va bir nechta avtomobil zarar ko‘rgan. Ulardan biri to‘liq vayron bo‘lgan.
Samolyot bortidagi aniq qurbonlar soni hozircha noma’lum. Qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailandda samolyot suvga qulab tushishi oqibatida uning bortida bo‘lgan 5 kishi halok bo‘lgandi. Aviahalokat Pxetburi provinsiyasidagi Cha-Am shahrida sodir bo‘lgan. Samolyot mahalliy plyajdan 100 metr uzoqlikda dengizga qulagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr