AQSHda “shatdaun” 1 oktyabrda yuz berishi mumkin – Tramp

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatda hukumat ishi to‘xtashi ehtimoli borligini, ammo buni hali ham oldini olish mumkinligini aytdi. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

“Mutlaqo muqarrar emas, lekin men aytardimki, ehtimoli bor”, deydi u.

Qayd etish joiz, ertaga, 1 oktyabrdan AQSHda yangi moliyaviy yil boshlanadi, biroq byudjet qabul qilinmagan. Agar Kapitoliy tepaligida hech bo‘lmaganda qisqa muddatli moliyalashtirishni davom ettirish bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilinmasa, federal idoralar noma’lum muddatga yopilish xavfi ostida qoladi.

Ma’lumot uchun, AQSH tarixida eng uzun “shatdaun” 35 kun davom etgan va u ham Trampning birinchi prezidentlik davriga to‘g‘ri kelgan. Hozirda Kongressning ikkala palatasi ham Respublikachilar partiyasi nazoratida bo‘lsa-da, ovozlar tafovutining juda kichikligi va partiya ichidagi to‘liq birdamlik yo‘qligi sabab hukumat ishi to‘xtashi xavfi saqlanib qolmoqda.

“Shatdaun” (inglizcha shutdown – “o‘chirish, yopilish”) – bu AQSHda Kongress byudjetni o‘z vaqtida qabul qilmagani sabab davlat organlarining moliyalashtirilishi to‘xtab qolishi holati. U 1 oktyabrda, ya’ni yangi moliyaviy yil boshlanganida yuz berishi mumkin. Agar shu muddatgacha Kongress byudjetni qabul qilmasa va prezident imzolamasa, davlat xizmatchilari majburiy, ammo maosh to‘lanmaydigan ta’tilga yuboriladi. Biroq huquqni muhofaza qilish organlari hamda ayrim “muhim” xizmatlar ishini davom ettiradi, faqat vaqtincha oyliksiz. 2019 yilda qabul qilingan qonunga ko‘ra, barcha davlat xizmatchilariga “shatdaun” tugagach, barcha kunlar uchun ish haqi to‘liq hisoblab beriladi. Odatda “shatdaun”lar federal xarajatlarning 25 foizidan ko‘prog‘iga ta’sir qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Kongressi hukumat faoliyatining vaqtinchalik to‘xtatilishiga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida xabar berilgan edi. Agar Kongress joriy yilning 1 oktyabrigacha byudjetni qabul qilishga ulgurmasa, federal idoralar faoliyati to‘xtab qolishi mumkinligi bois bir nechta kongress delegatsiyalarining safarlari bekor qilingan. “Axios” ma’lumotiga ko‘ra, Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi hamda Fan, kosmos va texnologiyalar qo‘mitasi delegatsiyalarining kamida ikki safari bekor qilingan. Har ikki holatda ham davlat xizmatchilariga safarlar “shatdaun” ehtimoli sababli to‘xtatilgani bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh shatdaun Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing