AQSHda Rossiyaning Yevropaga bosqiniga qarshi mashg‘ulotlar boshlandi
Olam
−
11 noyabr 2022
5288Amerikaning Moxave cho‘lida (Kaliforniya) AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi. Unda Rossiyaning Yevropaga ehtimoliy bosqini sahnalashtiriladi. Bu haqda “The Times” xabar bermoqda.
Gazetaning yozishicha, ikki hafta davom etadigan mashg‘ulotlarda 4500 nafar harbiy xizmatchi qatnashadi. Ular Ukraina dashtlariga o‘xshash ochiq cho‘l landshaftida Ukraina Qurolli Kuchlari tajribasidan orttirilgan yangi taktikalarni mashq qiladilar.
Mashg‘ulotlar ishtirokchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi urush amaliyotda ma’lum o‘zgarishlarni, jumladan, uchuvchisiz uchish apparatlaridan keng foydalanishni ko‘rsatdi, shu sababli G‘arb armiyalari “yangi voqelikka tez moslashishi” zarur.
Bundan tashqari, harbiylar dala sharoitida qismlarni ishlab chiqarish uchun 3D-printerdan foydalanish, shuningdek, qo‘mondonlik qarorlarini qabul qilish uchun dronlar tomonidan to‘plangan katta hajmdagi razvedka ma’lumotlarini qayta ishlash texnologiyalaridan foydalanishni mashq qiladilar.
2023 yilda xuddi shunday o‘quv tadbirlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Yevropada o‘tkazish rejalashtirilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan AQSH o‘z ittifoqchilari bilan birgalikda mojaro yanada kuchayishi ehtimoli sabab mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Xususan, noyabr oyida Polshada Polsha, Chexiya, Slovakiya, Vengriya, shuningdek, Buyuk Britaniya va AQSHning qo‘shma mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi, unda ikki mingga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etdi.
10 noyabr kuni AQSH va Yaponiya qo‘shma mashg‘ulotlarni boshladi. Ularda 36 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 30 ta kema va 300 dan ortiq samolyot ishtirok etishi rejalashtirilgan. Mashqlarda Avstraliya, Kanada va Buyuk Britaniya ishtirok etadi.
LiveBarchasi