AQSHda rekord darajadagi yomg‘ir va suv toshqini oqibatida 42 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

AQSH shimoli-sharqida “Ayda” dovuli tufayli yuzaga kelgan tornado va suv toshqini oqibatida 42 kishi halok bo‘ldi. Xususan, Nyu-Jersi shtatida 23 kishi, Nyu-Yorkda 13 kishi va Pensilvaniyada esa 4 kishi vafot etgan. Bu haqda NBC News telekanali xabar berdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda mashinalarning magistral yo‘llarda suv bosib qolgani, metro stansiyalari va uylar suvga to‘lganini ko‘rish mumkin.

Hukumat Nyu-York (shahar va shtat), Nyu-Jersi va Passeyikda favqulodda holat e’lon qildi. Shahar markaziy bog‘ida kunlik yog‘ingarchilik joriy yil 1 sentyabr 7,13 dyuym (18,11 sm) ni tashkil etgan.

AQSH Prezidenti Jo Bayden Energetika vaziri Jennifer Grenxolmga “Ayda” dovuli tufayli mamlakatda yoqilg‘i narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun strategik neft zaxirasidan foydalanishni buyurdi.

“Men Energetika vaziri Grenxolmga quvurlarda benzin to‘xtab qolmasligi uchun ixtiyoridagi hamma narsadan, shu jumladan, strategik neft zaxirasidan foydalanishini aytdim”, dedi Bayden.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, strategik zaxiradan foydalanish yoqilg‘iga ega bo‘lish imkoniyatini oshiradi va uning narxi ko‘tarilishi oldini oladi.

Ma’lumot o‘rnida, 29 avgust kuni Meksika ko‘rfazi sohiliga “Ayda” dovuli yopirildi. Dastlab, shamol tezligi soatiga 240 kilometrga yetgan, dovulga xavflilik darajasi bo‘yicha beshta toifaning to‘rtinchisi berilgan. Tabiiy ofat tufayli AQSHning Luiziana shtatida 1 milliondan ortiq aholi elektr energiyasidan uzilib qoldi, bir kishi vafot etdi. Keyin dovul Missisipi, Tennessi hududlaridan o‘tib, Virjiniya, Merilend, Pensilvaniya, Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarini qamrab oldi.

Shu bilan birga, hozirda AQSH Atlantikada kuchayib borayotgan yana bir dovul – “Larri” haqida ogohlantirilmoqda. Meteorologlar uning bir necha kun ichida uchinchi toifaga yoki undan yuqori darajaga ko‘tarilishini prognoz qilmoqda. “Larri”da shamol tezligi hozirda 128,7 km/soat.

“30 avgust kuni kechqurun Missisipi shtatining Jorj okrugida 50 metrli avtomagistral yo‘lini suv bosishi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, 10 kishi jarohatlandi. Yaralanganlardan uchtasi og‘ir ahvolda”, deydi Missisipi avtomobil yo‘llari patrul xizmati xodimi Kalvin Robertson.

Kechqurun Luiziana shtatida sodir bo‘lgan bo‘ron ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. 

Shuningdek, Luiziana shtatining 71 yoshli yana bir fuqarosi alligator hujumiga uchrab, vafot etgan. Mahrumning rafiqasi unga katta alligator hujum qilganini tasdiqladi.

Luiziana gubernatori Jon Bel Edvards, avvalroq, “Ayda”ning qurbonlari soni oshishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. 30 avgust kuni gubernator “Ayda” dovulidan oldin evakuatsiya qilingan aholidan uyga qaytmasligini iltimos qildi.

Ayni paytda Missisipi shtatida 30 mingga yaqin, Luiziana shtatida esa 1 milliondan ortiq aholi elektr energiyasidan uzilib qolgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing