AQSHda xokkey o‘yini paytida ommaviy otishma sodir bo‘ldi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
17 fevral 5182 2 daqiqa
AQSHning Rod-Aylend shtatida kecha, 16 fevral kuni yoshlar orasida o‘tkazilgan xokkey o‘yini vaqtida otishma sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 2 kishi halok bo‘ldi, yana 3 kishi og‘ir yaralandi. Bu haqda CNN xabar beradi.
Ma’lum qilinishicha, voqea Pautaket shahridagi muz arenasida o‘yin davom etayotgan paytda yuz bergan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, Roberta Esposito ismi bilan tanilgan gumondor o‘q uzganidan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar qotil o‘z oila a’zolarini nishonga olgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Xabarga ko‘ra, otishma o‘yin o‘rtasida, jamoa zaxira o‘rindiqlari ortida boshlangan. O‘yinchilar va murabbiylar o‘q ovozlari yangragach, yashirinishga uringan. Ba’zi o‘quvchilar muz maydoniga sakrab tushib, kiyinish xonalariga olib boruvchi chiqish eshigiga yugurgan.
Rod-Aylendning senatori Rid Jek ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, tomoshabinlardan biri hujumchini qurolsizlantirishga harakat qilgan. Politsiya rahbari bu harakat fojeaning tezroq yakunlanishiga yordam berganini aytgan. Jarohatlangan uch kishi esa og‘ir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan.
Maktab ma’muriyatlari o‘yinda qatnashgan barcha o‘quvchilar sog‘-salomat ekanini bildirgan. Nort-Providens tumani rahbari Jozef Goho voqea tomoshabinlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytgan. Seynt Rafael Akademiyasi maktablari ham o‘z o‘quvchilari jabrlanmaganini tasdiqlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yilning dastlabki 47 kunida AQSHda qayd etilgan 41-ommaviy otishma hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanadaning Britaniya Kolumbiyasi provinsiyasidagi Tumbler-Rij shahri o‘rta maktabida sodir bo‘lgan otishma oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘ldgan edi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi