AQSHda immigratsiya xodimi ayolni otib o‘ldirdi (video)
Olam
−
08 yanvar 5517 2 daqiqa
Kecha, 7 yanvar kuni AQSH Immigratsiya xizmati (ICE) xodimi Minneapolis shahrida ayolni otib o‘ldirdi. Ayol avtomobil bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarini urib yuborishga uringani aytilmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, hodisa ICE tomonidan o‘tkazilgan reyd vaqtida sodir bo‘lgan. Internetda tarqalgan videoyozuvlar tahliliga ko‘ra, huquq-tartibot xodimi ayoldan avtomobil eshigini ochishni talab qilgan. Shundan so‘ng mashina sekin oldinga harakatlana boshlagan, avtomobil oldida turgan boshqa bir ICE xodimi esa to‘pponchasini chiqarib, mashina tomonga ikki marta o‘q uzgan.
“Associated Press”ning yozishicha, videoyozuvlardan avtomobil xodimni urib ketganini aniq ko‘rish imkonsiz. Otishmadan so‘ng avtomobil yo‘l chetida turgan boshqa ikkita avtomobilga borib urilgan va to‘xtagan.
37 yoshli jarohatlangan ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq vafot etgan. U oila a’zolaridan birining ko‘z o‘ngida otib tashlangan. Hodisa 2020 yilda politsiya xodimi tomonidan Jorj Floyd o‘ldirilgan joydan taxminan 1,5 kilometr uzoqlikda yuz bergan.
AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noemning aytishicha, halok bo‘lgan ayol huquqni muhofaza qiluvchi xodimni avtomobil bilan urib yuborishga uringan, xodim esa o‘zini va atrofdagilarni himoya qilish maqsadida qurol ishlatgan.
Minneapolis meri Jeykob Frey voqeadan so‘ng ICE’ni shahardan “yo‘qolib ketishga” chaqirgan. U ofitser o‘zini himoya qilgani haqidagi bayonotni “to‘liq bema’nilik” deb atagan.
Hodisa yuzasidan AQSH Prezidenti Donald Tramp ham munosabat bildirdi. U ayolni “professional agitator” deb atab, uning “juda tartibsiz harakat qilgani va qarshilik ko‘rsatgani”, so‘ng esa “ICE xodimini ataylab urib yuborgani”ni aytdi. Trampning bildirishicha, xodim unga qarata o‘qni o‘zini himoya qilish maqsadida uzgan.
Qayd etish joiz, Tramp Oq uyga qaytgach, migrantlarga nisbatan keskin siyosat yurita boshladi. Xususan, u AQSHda noqonuniy bo‘lib turgan shaxslarni faolroq deportatsiya qilishga chaqirdi. 2025 yil noyabr oyining oxirida esa u AQSHga boshpana izlab kelgan barcha chet elliklarni mamlakatdan chiqarib yuborishga va’da berdi. AQSH aholisi esa ICE reydlariga qarshi bir necha bor norozilik namoyishlari o‘tkazdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq shunga o‘xshash holat Rossiyada sodir bo‘lgan edi – Xabarovsk shahrida Samarqanddan bo‘lgan mehnat muhojiri Maxsus maqsadli mobil blok (OMON) tomonidan amalga oshirilgan qiynoq oqibatida vafot etgan edi. Biroq Rossiya rasmiylari mazkur holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot bermadi.