AQSHda Epshteynning tashlandiq samolyoti topildi (video)
Olam
−
23 fevral 9546 2 daqiqa
AQSHning Jorjiya shtatida voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilishda ayblangan amerikalik marhum moliyachi Jeffri Epshteynning 10 yildan buyon tashlandiq holda turgan xususiy samolyoti topildi. Bu haqda “New York Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Epshteynning 133 fut (40,5 metr) uzunlikdagi mashhur Boeing 727 “Lolita Express” samolyotida sodir etilgan jinoyatlariga oid izlar hali ham saqlanib qolgan. Bu samolyotni Epshteyn o‘zining yosh qurbonlarini jinsiy qullik uchun dunyo bo‘ylab tashish maqsadida ishlatgan.
Fotosuratlarda samolyotning tashqi qismi chiriyotgani, bo‘laklarga ajralgani, ichki qismida esa hasharotlar va mog‘or bosgani aks etgan. Ushbu hashamatli samolyotda yotoqxonalar, uchta alohida dam olish hududi, oshxona va ikkita hojatxona hali ham mavjud.
Shuningdek, samolyot ichida sun’iy yo‘ldosh telefoni, yotoq, bolalar uchun losyon va kukun, kir sochiqlar, Epshteynning samolyoti raqami bilan monogramma tushirilgan salfetkalar topilgan.
Samolyotning yotoqxonasi Epshteyn va uning jinoiy sheriklariga uchish vaqtida jinsiy harakatlar uchun moslangan. Samolyot yana boshqa yotoqxonalar, dam olish xonalari, qizil matolar bilan qoplangan divan va kreslolar bilan jihozlangan. Oshxona va boshqa xonalar esa hashamatli, ammo qorong‘u va tashlandiq holatda topilgan.
Samolyotning uchta dvigateli 2016 yilda olib tashlangani oqibatida u endi ucha olmaydi. Samolyot hujjatlarda Epshteyn va uning sherigi Gisleyn Maksvell bilan bog‘liq JEGE Inc. kompaniyasi tomonidan 2001 yilda sotib olingani ko‘rsatilgan. Epshteyn uni 2018 yil oxirida Florida shtatidagi World Aviation Services LLC kompaniyasiga sotgan, 2024 yilda esa Jet Assets Incorporated kompaniyasi tomonidan xarid qilingan.
Dastlab samolyotni parchalab, tashlab yuborish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, u 2016 yildan buyon saqlanib kelmoqda va saqlash uchun katta xarajatlar sarflanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton va sobiq davlat kotibi hamda birinchi xonimi Xillari Klinton pedofil moliyachi Jeffri Epshteynning jinoiy ishi bo‘yicha Vakillar palatasida ko‘rsatma berishga kelishib olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi