AQSHda anomal issiq sabab 25 kishi vafot etdi
Olam
−
13:12 440 2 daqiqa
AQSHda kuzatilayotgan kuchli anomal issiq oqibatida kamida 25 kishi vafot etdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Nashrning yozishicha, eng ko‘p o‘lim holatlari Nyu-Djersi shtatida qayd etilgan. U yerda 22 ta o‘lim holati aniqlangan bo‘lib, qurbonlar 30 yoshdan 80 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ekani aytilmoqda. Ularning katta qismi uy sharoitida, qolganlari esa transport vositalarida yoki ochiq hududlarda vafot etgani ma’lum qilingan.
Illinoys shtatining Kuk okrugida yana bir o‘lim holati tasdiqlangan. Hinds okrugida 74 yoshli Mitchell Rey Kuli issiq urishi oqibatida vafot etgan. U avval yo‘qolgan shaxs sifatida qidiruvga berilgan bo‘lib, uning jasadi keyinchalik yoqilg‘i quyish shoxobchasi orqa tomonidan topilgan.
Massachusets shtatidagi Bolton shahrida esa 83 yoshli ayol ham kuchli issiq ta’sirida hayotdan ko‘z yumgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim holatlarda qurbonlar sog‘lig‘ida avvaldan mavjud kasalliklar ham issiq ta’sirini kuchaytirgani qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, AQSH hududida kuzatilayotgan bu issiq to‘lqini “heat dome” deb ataluvchi yuqori bosimli havo tizimi bilan bog‘liq bo‘lib, u issiq havoni hudud ustida ushlab turadi va haroratning keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Ayrim shtatlarda harorat 30–38 daraja atrofida, ba’zi joylarda esa bundan ham yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan.
Milliy ob-havo xizmati mamlakatning katta qismi issiqlik ogohlantirishi ostida qolganini, taxminan 156 million aholi yuqori harorat xavfi ta’sirida yashayotganini bildirgan. Shuningdek, mutaxassislar yuqori namlik va kechasi ham davom etadigan issiq havo holati inson salomatligi uchun yanada xavfli ekanini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada joriy yilning 22–28 iyun kunlari kuzatilgan kuchli jazirama davrida mamlakat bo‘ylab 2 025 ta ortiqcha o‘lim qayd etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi10:42