AQSH Yaqin Sharqda harbiy mashg‘ulotlarni boshladi
Olam
−
28 yanvar 3829 2 daqiqa
AQSH Harbiy-havo kuchlari Yaqin Sharq mintaqasida Agile Spartan nomli ko‘p kunlik harbiy mashg‘ulotlar boshladi. Bu haqda AQSH Harbiy-havo kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi xabar berdi.
Mashg‘ulotlardan ko‘zlangan maqsad – AQSH Qurolli kuchlarining Markaziy qo‘mondonligi mas’ul hududida kuchlarni tezkor joylashtirish va jangovar harakatlar olib borish imkoniyatlarini namoyish etishdir.
General-leytenant Derek Fransning aytishicha, uchuvchilar murakkab sharoitlarda tarqalib harakat qilish, faoliyat yuritish va jangovar parvozlarni amalga oshirishga qodir ekanini isbotlamoqda. Uning ta’kidlashicha, ushbu mashg‘ulotlar uchuvchilarning jangovar tayyorgarligini saqlashga xizmat qiladi hamda aviatsiya zarur bo‘lgan hududlarda doimiy tayyor holatda bo‘lishini ta’minlaydi.
AQSH rasmiylarining bildirishicha, mashg‘ulotlar doirasida kutilmagan vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda harakat qilish uchun harbiy guruhlar bir nechta hududlarga joylashtiriladi. O‘zgaruvchan sharoitda taktikalar, usullar va amaliy tartiblarni ishlab chiqish, shu bilan birga mas’uliyatli harbiy mavjudlikni saqlab qolish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, bu mashg‘ulotlarning davomi Eronga zarba yo‘llash bilan yakunlanadi, degan ssenariy ham yo‘q emas. Tramp dastlab buni inkor etgan bo‘lsa-da, keyinchalik hammasi o‘zining qo‘lida ekanligi va Eron hokimiyatini almashtirish vaqti kelganini ko‘p bora ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasi Erondagi mojarolar sabab Yaqin Sharqqa yetib borgandi. Shuningdek, yaqin kunlarda mintaqa yaqinida THAAD raketaga qarshi mudofaa tizimi batareyasi paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Live
Barchasi