AQSH yaqin orada ballistik raketa sinovini o‘tkazmoqchi – OAV
Olam
−
04 noyabr 2025 2362 2 daqiqa
AQSH shu haftada yadroviy qurol tashishga qodir, ammo jangovar kallaksiz qit’alararo ballistik raketa sinovini o‘tkazishni rejalashtirgan. Bu haqda “Newsweek” xabar berdi.
Niderlandiyadagi Delft Texnika universitetining aerokosmik muhandislik fakulteti o‘qituvchisi Marko Langbrukning ma’lum qilishicha, navigatsion ogohlantirishlarga ko‘ra, Minuteman III turidagi AQSH qit’alararo ballistik raketasining sinov parvozi joriy yilning 5-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Raketa Kaliforniyadagi Vandenberg harbiy-kosmik bazasidan uchiriladi va Tinch okeanining markaziy qismida joylashgan Marshall orollaridagi raketaga qarshi mudofaa poligoniga, shuningdek beshta belgilangan chiqindi hududiga yetib boradi.
Agar bu ma’lumot tasdiqlansa, parvoz yo‘nalishi may oyida o‘tkazilgan avvalgi sinovdagi kabi bo‘ladi. O‘sha safar jangovar kallaksiz raketa yagona qaytuvchi kapsulani tashigan holda Kaliforniyadan g‘arbga tomon taxminan 4200 mil masofani bosib o‘tgan.
Qayd etilishicha, bu joriy yilning sentyabr oyidan buyon AQSH yadro kuchlarining ikkinchi sinovi bo‘ladi. O‘shanda AQSHning suvosti kemasi Atlantika okeanida, Florida sohillari yaqinida to‘rtta qurolsiz Trident II D5 Life Extension raketasini uchirgan.
Nashrning yozishicha, AQSH Havo kuchlarining global zarbalar qo‘mondonligi (ISBM va yadroviy bombardimonchilar uchun mas’ul) izoh berishdan hozircha tiyilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp uning mamlakati dunyoda eng katta yadro arsenaliga egaligi, bu zaxira butun dunyoni 150 marta portlatishga yetishini aytgan edi.
Live
Barchasi