AQSH yadroviy fojiani to‘xtatish uchun Rossiya bilan muzokaraga tayyormi? Blinken javob berdi
Olam
−
07 Oktabr 2022
10252AQSH Rossiya xohlasa Ukraina bo‘yicha diplomatiyaga tayyor, ammo hozircha Vashington Moskvada bunday kayfiyatni ko‘rmayapti. Bu haqda kecha, 6 oktyabr kuni Limadagi matbuot anjumanida AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
Jurnalistlardan biri Blinkenga “dunyoda yadroviy urush xavfi ortgan bir vaziyatda Rossiya bilan muzokara boshlash AQSHning mas’uliyatiga kirmaydimi”, degan savol bilan murojaat qilgan.
“O‘ylaymanki, siz so‘nggi haftalarda ko‘ryapsizki Prezident Putin Ukrainaga nisbatan tajovuzkorligini ikki va uch barobar oshiryapti. Gap shundaki, Prezident Putin va Rossiya hech qanday mazmunli diplomatiyaga mutlaqo qiziqish bildirmayapti. Va ular buni qilmaguncha, uni (diplomatiyani – tahr.) o‘tkazish juda qiyin. Biz har doim aytganmiz, [Ukraina] Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu oxir oqibat diplomatiya yo‘li bilan hal qilinishini aytib kelyapti. Agar Rossiya bunday diplomatiya bilan shug‘ullanish uchun jiddiy niyatlari borligini ko‘rsatsa, biz tayyor bo‘lamiz. Biroq, hozirda, afsuski, hammasi buning aksini ko‘rsatmoqda”, deb ta’kidladi Blinken savolga javoban.
Qayd etish kerakki, Zelenskiy 4 oktyabr kuni Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan muzokara olib borish mumkin emasligi haqidagi qarorini kuchga kiritdi. Tegishli farmon Ukraina prezidenti devonining saytida e’lon qilindi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ushbu qarorni sharhlar ekan, muzokaralar uchun ikki tomon zarur, shuning uchun Rossiya Ukrainaning amaldagi yoki keyingi prezidentining Moskva bilan muloqot bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarishini kutishini aytdi.
Avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden dunyodagi vaziyat shu taxlit davom etsa, Karib dengizi inqirozidan keyin dunyo birinchi marta yadro qurolidan foydalanish tahdidiga duch kelishini aytib o‘tdi. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni yaxshi bilishini, u taktik yadro qurollari, biologik yoki kimyoviy qurollardan potensial foydalanish haqida gapirganda hazillashmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Putin xalqiga murojaati davomida, u Rossiya xavfsizligiga tahdid qiluvchilarga yadroviy qurol bilan javob berishdan ham tap tortmasligini aytgan edi.
LiveBarchasi