AQSH viza bermagan Abbosga BMT videomurojaat yo‘llashga ruxsat berdi

Olam

image

Kecha, 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga kelasi haftadagi dunyo yetakchilari yillik yig‘ilishida videomurojaat orqali so‘zlash huquqini berish uchun ovoz berdi. Bu qaror AQSH uni Nyu-Yorkka safar qilish uchun viza bilan ta’minlashdan bosh tortgandan keyin qabul qilindi.

Rezolyutsiya 145 davlatning “xa” ovozi bilan, besh davlatning qarshi ovozi va olti davlatning betaraf qolishi bilan qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, Abbos va boshqa yuqori darajadagi falastinlik rasmiylar kelgusi bir yil davomida AQSH safarini amalga oshira olmasa, BMT yig‘ilishlari yoki konferensiyalarida videomurojaat orqali ishtirok etishi mumkin.

AQSH o‘tgan oy Abbos va yana taxminan 80 nafar falastinlik fuqaro Falastin Ozodlik Tashkiloti hamda G‘arbiy sohildagi Falastin ma’muriyati a’zolariga viza berish va berilgan vizalarni uzaytirishdan voz kechishi haqida ma’lum qilgan edi.

“AQSHning ushbu rezolyutsiyaga qarshi chiqishi hech kim uchun kutilmagan holat emas. Tramp ma’muriyatining pozitsiyasi aniq: biz Falastin Ozodlik Tashkiloti va Falastin ma’muriyatini Oslo kelishuvlari bo‘yicha o‘z majburiyatlariga amal qilmayotgani uchun va tinchlik imkoniyatlarini zaiflashtirayotgani uchun javobgar qilishimiz shart”, dedi AQSH diplomati Jonatan Shriyer ovoz berish oldidan. 

1947 yildagi “BMT shtab-kvartirasi to‘g‘risidagi kelishuv”ga ko‘ra, AQSH Nyu-Yorkdagi BMTga xorijiy diplomatlarni kiritishga majbur. Biroq Vashington xavfsizlik, ekstremizm va tashqi siyosat sabablari bilan viza berishdan bosh tortishi mumkinligini aytgan.

Abbos, shuningdek, 22 sentyabr kuni BMTda Fransiya va Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan o‘tkaziladigan sammitda ham videomurojaat orqali ishtirok etishi mumkin. Bu sammit ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlash uchun o‘tkaziladi. Unda bir qator davlatlar rasman Falastin davlatini tan olishi kutilmoqda.

193 a’zodan iborat Bosh Assambleya 19 sentyabr kuni konsensus yo‘li bilan, ovoz berishsiz Saudiya Arabistoni valiahd shaxzodasi Muhammad bin Salmonga ham 22 sentyabr kuni videomurojaat orqali yig‘ilishda ishtirok etish huquqini berishga rozi bo‘ldi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh BMT Falastin Mahmud Abbos

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing