AQSH Venesuelaning yangi hukumatini rasman tan oldi

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges boshchiligidagi yangi hukumatini rasman tan oldi. Bu haqda kecha, 7 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Floridada Lotin Amerikasi davlatlari rahbarlari bilan o‘tgan sammitda ma’lum qildi.

“Shuni mamnuniyat bilan xabar qilamanki, biz shu haftada Venesuela hukumatini rasman tan oldik. Shuningdek, biz oltin bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdik. Bu kelishuv mamlakatlarimizga Venesuela oltini va boshqa foydali qazilmalari sotilishiga ko‘maklashish maqsadida hamkorlik qilish imkonini beradi. Ularda ulkan oltin zaxiralari bor. Ularning yeri juda yaxshi”, deydi Oq uy rahbari.

Joriy yil 6 mart kuni Vashington Venesuelaning oltin qazib olish sektoriga nisbatan sanksiyalarni yumshatdi. AQSH Moliya vazirligi Amerika kompaniyalariga Venesuela oltinini import qilish, qayta ishlash va undan tayyorlangan mahsulotlarni sotishga ruxsat berdi.

Vashington va Venesuelaning yangi hukumati

Joriy yil boshida AQSH Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazdi. Mamlakat prezidenti Nikolas Maduro 3 yanvar kuni Karakasda Amerika maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olindi va AQSHga olib ketildi. Shundan so‘ng, prezident vazifasini ilgari vitse-prezident lavozimida ishlagan Delsi Rodriges bajara boshladi. U Vashington bosimi ostida siyosiy mahbuslarni qamoqxonalardan ozod qilishga kirishdi. Rodriges, shuningdek, foydali qazilmalar to‘g‘risidagi qonunlarni o‘zgartirib, Venesuelaning neft sektorini xorijiy investitsiyalar uchun ochib berdi. 24 fevral kuni Tramp AQSH o‘zining "yangi do‘sti va hamkori" Venesueladan taxminan 89 million barrel neft olganini e’lon qildi.

27 fevral kuni Rodriges Trampni o‘z mamlakatiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga va Venesuela nefti blokadasini to‘xtatishga chaqirdi. U Maduro ag‘darilganiga qaramay, mamlakatlarni bir-biriga "do‘stona" deb hisoblashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karakasdagi hukumat Vashington bilan "hamkorlikning yangi kun tartibini ochishga" intilmoqda.

AQSH Davlat departamenti 5 mart kuni Venesuelaning muvaqqat hokimiyati bilan diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Marko Rubio boshchiligidagi idora Qo‘shma Shtatlar Venesuela xalqiga "tinch yo‘l bilan demokratik saylangan hukumatga o‘tish uchun sharoit yaratuvchi bosqichma-bosqich jarayon" doirasida yordam berishda davom etishiga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela hukumat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing