AQSH Venesuela sohillaridagi kemalarni qo‘lga olmoqda
Olam
−
11:16 1519 2 daqiqa
Joriy yilning 20 va 21 dekabr kunlari AQSH harbiylari Venesuela qirg‘oqlari yaqinida ikki kemani qo‘lga oldi. Bu haqda AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem xabar berdi.
Bu voqea AQSH Prezidenti Donald Trampning Venesuelaga borayotgan va u yerdan chiqayotgan barcha sanksiyaga tushgan neft tankerlarini to‘liq blokadaga olish haqidagi buyrug‘idan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi. Kecha, 21 yanvar kuni esa AQSH kemalari ushbu hududda yana bir – so‘nggi kunlardagi uchinchi neft tankerini ta’qib qilayotgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
CBS va “Bloomberg” xabariga ko‘ra, AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Panamada ro‘yxatdan o‘tgan va AQSH sanksiyalari ostidagi Bella1 tankerini ta’qib qilishni boshlagan. Tanker Venesuelaga yo‘l olgan edi. CBS News’ga anonim amerikalik rasmiy ma’lum qilishicha, ushbu kema “Venesuelaga sanksiyalarni noqonuniy chetlab o‘tishda yordam beradigan yashirin flotga tegishli” bo‘lib, “soxta bayroq ostida harakatlanadi”.
So‘nggi haftalarda AQSH Venesuela sohillari yaqinida harbiy ishtirokini kuchaytirdi. Vashington bu choralar narkotiklar savdosiga qarshi kurashga qaratilganini aytmoqda. Biroq Karakasda AQSH Venesueladagi tabiiy boyliklar, avvalo, neft ustidan nazorat o‘rnatish uchun hokimiyatni almashtirishga intilmoqda, degan fikr bildirilmoqda.
Sentyabrdan buyon AQSH Karib dengizida narkotik savdosida gumon qilingan 20 dan ortiq kemaga zarba bergan. Oqibatda kamida 87 kishi halok bo‘lgan.
20 yanvar kuni AQSH harbiylari Centuries nomli kemani ham qo‘lga olgan. OAVning yozishicha, ushbu kema AQSH sanksiyalari ostida bo‘lmagan, holbuki Trampning blokada haqidagi farmoni faqat sanksiyaga tushgan tankerlarni qamrab olgan.
CNN ma’lumotiga ko‘ra, kema Panama bayrog‘i ostida suzib, Osiyo tomon yo‘l olgan. BBC’ning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi besh yil ichida Xitoyga tegishli bo‘lgan ushbu tanker Gretsiya va Liberiya bayroqlari ostida ham harakatlangan.
Eslatib o‘tamiz, Vashington Venesuelaga bosimni kuchaytirayotgan bir paytda, Qo‘shma Shtatlar 19 dekabr kuni Prezident Nikolas Maduro, uning rafiqasi va oila a’zolari hamda sheriklariga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.
Live
Barchasi