AQSH va Yevropa Ukraina uchun 4 bandli tinchlik rejasini ishlab chiqmoqda – WP

Olam

−

image

AQSH va Yevropa Ukrainadagi urushni hal qilish bo‘yicha birgalikda tinchlik rejasi ustida ishlamoqda. U to‘rtta asosiy bandni o‘z ichiga oladi. Bu haqda muzokaralar borishi bilan tanish bo‘lgan amerikalik mulozim “The Washington Post” jurnalisti Devid Ignatiusga ma’lum qildi.

“Ikkala tomonga ham urushdan keyingi vaziyat qanday bo‘lishini ko‘rishga va shundan so‘ng yon berishlarga borishga yordam berish uchun muammo va uning yechimini yanada kengroq ko‘lamda ko‘rib chiqishimiz kerak”, deydi manba.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlik rejasi to‘rtta asosiy komponentni o‘z ichiga oladi:

1. Ukrainaning xavfsizlik kafolatlari. AQSH va Yevropa mamlakatlari Rossiya tomonidan harbiy harakatlar qayta boshlangan taqdirda Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olishlari kerak bo‘ladi. Amerikalik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, bunday mexanizm NATO ustavining jamoaviy mudofaa to‘g‘risidagi 5-moddasiga o‘xshash bo‘ladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu band, shuningdek, Moskvaning Yevropa bilan xavfsizlik bo‘yicha bitim yuzasidan muzokaralar olib borishini ham nazarda tutadi;

2. Nizo tugaganidan so‘ng Ukrainani qayta tiklash va rivojlantirishga investitsiyalar. Jahon banki va investitsiya kompaniyalaridan biri vayron bo‘lgan hududlarni qayta tiklash, halok bo‘lgan va yaralangan harbiy xizmatchilarning oilalarini, shuningdek, Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirish mexanizmini ishlab chiqish niyatida. Muzokara ishtirokchilari Kiyevdan xarajatlar smetasini hamda mablag‘lar “behuda sarflanmasligi”ga kafolatlar so‘ragan;

3. Energetika bitimi orqali Rossiya, Ukraina va Yevropaning iqtisodiy integratsiyasi. O‘rganilayotgan variantlardan biri Rossiya nefti va gazini Yevropaga yetkazib berish uchun quvur yaratishni nazarda tutadi, undan olinadigan foydani esa Rossiya va Ukraina o‘rtada bo‘lishadi. Amerikalik mulozimning baholashicha, bu Yevropa mamlakatlari uchun energiya resurslari narxini sezilarli darajada arzonlashtiradi, Rossiyaga esa Yevropa energetika bozoriga uzoq muddatli chiqish imkonini ta’minlaydi. Bundan tashqari, bitim Moskvaga qarshi amaldagi iqtisodiy sanksiyalarni bekor qilish tartibi va muddatlarini belgilab berishi kerak;

4. Nizoni amaldagi to‘qnashuv chizig‘i bo‘ylab muzlatish. Rossiya mavjud front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi, egallab turgan hududlarini, jumladan, o‘z nazoratidagi Donbass qismini saqlab qolishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina kelishuvlar tuzishga qodir bo‘lgan yangi yetakchi topishi kerakligini aytgan edi. Shundan so‘ng, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy, agar Rossiya 60 kunlik to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Bunga javoban Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskva vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish emas, balki uzoq muddatli tinchlik tarafdori ekanini eslatib o‘tdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing