AQSH va Yevropa davlatlari “Tolibon”ning qarorini qoraladi

Olam

image

Avvalroq, Afg‘onistondagi maktablar boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan tashqari barcha qizlar uchun yopiqligicha qolayotgani haqida xabar bergandik.

Buyuk Britaniya, AQSH va Yevropa Ittifoqi “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan Afg‘oniston hukumatining o‘rta va katta sinf o‘quvchi qizlarining maktabga borishini taqiqlash qarorini qoralaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan davlatlarning qo‘shma bayonotida aytiladi.

“Biz “Tolibon”ning 23 martdagi ko‘plab afg‘on qizlarini maktabga qaytish imkoniyatidan mahrum qilgan qarorini qoralaymiz. “Tolibon”ning harakati ularning afg‘on xalqi va xalqaro hamjamiyatga bergan ochiq kafolatlariga ziddir”, deyiladi Buyuk Britaniya, Italiya, Kanada, Norvegiya, AQSH, Fransiya va Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari bayonotida.

Shuningdek, unda “Tolibon”ni ushbu “qarorni zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga” chaqirilgan. 

“Bu Afg‘onistonning ijtimoiy hamjihatligi va iqtisodiy o‘sish istiqbollariga, xalqaro hamjamiyatning hurmatli a’zosi bo‘lish istagiga va afg‘onlarning xorijdan [mamlakatga] qaytish istagiga katta zarar yetkazadi”, deyiladi bayonotda. 

Afg‘oniston universitetlari va maktablarida darslar o‘tgan yilning avgust oyi oxirida “Tolibon” tomonidan mamlakatda hokimiyatni egallab olinishi ortidan to‘xtatilgan edi. Kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun maktablar 19 sentyabr kuni qayta ochildi, biroq bunda faqat o‘g‘il bolalar va erkak o‘qituvchilarga ruxsat berildi. 

Bundan tashqari, “Tolibon” barcha davlat universitetlarini talaba qizlar ta’limi uchun ochish haqidagi va’dasini bajargan. Joriy yilning 26 fevralidan boshlab Afg‘onistonning barcha universitetlarida “Tolibon” mamlakatda hokimiyatni egallab olishi sababli to‘xtatilgan o‘quv jarayoni yigit va qiz talabalar uchun qayta tiklangan. Bunda ta’lim alohida olib boriladi: o‘g‘il bolalar qizlardan alohida o‘qiydi. Bundan tashqari, qizlarga faqat ayollar, o‘g‘il bolalarga esa faqat erkaklar dars o‘tishi mumkin. “Tolibon” tomonidan ag‘darilgan avvalgi hukumat davrida o‘qitish aralash bo‘lgan va o‘qituvchining jinsi muhim bo‘lmagan.  

Ma’lumot o‘rnida, AQSH o‘z qurolli kuchlarini mamlakatdan olib chiqish qarorini e’lon qilganidan so‘ng, “Tolibon” Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish uchun keng ko‘lamli operatsiya boshladi. 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” jangsiz Qobulga kirdi, Prezident Ashraf G‘ani esa respublikani tark etdi. 6 sentyabr kuni “Tolibon” butun Afg‘oniston hududi ustidan nazorat o‘rnatilgani haqida, 7 sentyabrda esa qonuniyligi hali hech bir davlat tomonidan tan olinmagan muvaqqat hukumat tarkibini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

212

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing