Qora dengizda AQSH droni urib tushirildi. Rossiya Mudofaa vazirligi izoh berdi
Olam
−
15 mart 2023
18879AQSHning razvedkachi MQ-9 droni Rossiyaning Su-27 qiruvchi samolyotlari tomonidan Qora dengizning xalqaro suvlariga urib tushirildi. Bu haqda kecha, 14 mart kuni AQSH Qurolli kuchlarining Yevropa qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning ikkita Su-27 samolyoti xalqaro havo hududida parvoz qilayotgan AQSH josuslik dronini ehtiyotsizlik bilan tutib olgan. Rossiya qiruvchi samolyotlari MQ-9 oldida xavfli manyovrlar bilan uchgan. Taxminan 30-40 daqiqadan so‘ng, ertalab soat 07:03 da samolyotlardan biri dron bilan to‘qnashib ketgan va uni halokatga uchratgan.
Rossiya mudofaa vazirligi esa o‘z samolyoti keskin manyovrdan so‘ng halokatga uchragan uchuvchisiz uchish apparati bilan aloqa qilganini rad etgan. Ularning aytishicha, dron 2014 yilda Ukrainadan anneksiya qilib olingan Qrim yarim oroli yaqinida aniqlangan.
“Rossiya qiruvchilari bortdagi qurollardan foydalanmagan, uchuvchisiz uchish apparati bilan aloqada bo‘lmagan va o‘z aerodromiga eson-omon qaytgan”, deyiladi Rossiya mudofaa vazirligi bayonotida.
Ta’kidlash joizki, mazkur holat bir yildan beri davom etayotgan urushda Rossiya-AQSH harbiy kuchlarining ilk marotaba to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvi bo‘ldi.
Vaziyatga izoh olish maqsadida Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Anatoliy Antonov AQSH Davlat departamentiga chaqirilgan. Antonov uchrashuv konstruktiv o‘tganini, Moskva uchun mumkin bo‘lgan oqibatlar masalasi ko‘tarilmaganini aytgan.
“Bizga kelsak, biz AQSH va Rossiya o‘rtasida hech qanday qarama-qarshilik bo‘lishini istamaymiz. Biz rus va amerika xalqlari manfaati uchun pragmatik munosabatlar o‘rnatish tarafdorimiz”, deydi Rossiya elchisi.
LiveBarchasi