AQSH va Eron bir-biriga zarba yo‘lladi

Olam

image

Bugun, 6 iyun kuni AQSH harbiylari Eron uchirgan dronlarni urib tushirgach, Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Eron radar ob’ektlariga zarba berdi. Eron esa bunga javoban mintaqadagi AQSH harbiy bazalariga raketalar uchirganini bildirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

AQSH harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi urushni to‘xtatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni murakkablashtirayotgan navbatdagi keskinlashuv hisoblanadi.

AQSH harbiylari Eron uchirgan to‘rtta dron mintaqadagi dengiz qatnoviga tahdid solayotgan deb hisoblagan. AQSH Markaziy qo‘mondonligi X ijtimoiy tarmog‘ida AQSH kuchlari shundan so‘ng Hormuz bo‘g‘ozi yaqinidagi Goruk va Qeshm orolidagi kuzatuv ob’ektlariga zarba berganini ma’lum qilgan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi ma’lumotiga ko‘ra, urib tushirilgan dronlar mintaqadagi dengiz transporti uchun bevosita xavf tug‘dirgan. Shundan so‘ng AQSH kuchlari Eronning qirg‘oqbo‘yi kuzatuv radarlarini nishonga olgan.
Eron davlat televideniyesi esa mamlakat Quvaytdagi ikkita AQSH aviabazasi va Bahrayndagi AQSH Harbiy-dengiz kuchlari ob’ektlariga ballistik raketalar uchirganini ma’lum qilgan. AQSH harbiylari dastlabki baholashlarga ko‘ra, uchirilgan yettita raketadan oltitasi tutib qolinganini, bittasi esa nishoniga yetib bormaganini bildirgan.

Mazkur hodisa bir necha kun avval yuz bergan o‘zaro zarbalardan keyin sodir bo‘lgan. O‘shanda ham AQSH va Eron bir-biriga hujumlar uyushtirib, tomonlar o‘rtasidagi mo‘rt sulh xavf ostida qolgandi.

Joriy yilning 3 iyun kuni Quvayt xalqaro aeroportiga uyushtirilgan dron hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgandi va 60 dan ortiq odam jarohatlangani ma’lum qilingan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bu hujumga aloqadorligini rad etib, zarar AQSH raketaga qarshi mudofaa tizimidagi xatolik oqibatida yuzaga kelganini bildirgan.

Biroq AQSH Markaziy qo‘mondonligi bu da’voni rad etib, aeroportga zarba Eron tomonidan ataylab amalga oshirilganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Vakolatchilar palatasi Prezident Donald Trampni Eron bilan mojaroni yakunlash yoki harbiy harakatlarni davom ettirish uchun Kongress roziligini olishga majbur qiluvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Hujjat demokratlar va to‘rt nafar respublikachi kongressmenning qo‘llab-quvvatlashi bilan 215 ga 208 ovoz nisbatida ma’qullangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron raketa harbiy baza

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing