AQSH va Eron bir-biriga zarba yo‘lladi

Olam

image

AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik yana kuchaydi. Tomonlar bir-birining harbiy ob’ektlariga zarbalar berganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

AQSH Markaziy qo‘mondonligi bayonotiga ko‘ra, Amerika harbiylari Eron hududidagi radar tizimlari va dronlarni boshqarish ob’ektlariga zarba bergan. Vashington bu hujumlarni “o‘zini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan choralar” deb atagan.

AQSH tomonining ma’lum qilishicha, Eron tomonidan xalqaro havo hududida uchayotgan Amerika droni urib tushirilgan. Shundan so‘ng AQSH harbiylari Goruk hududi va Qeshm orolida joylashgan bir qator harbiy ob’ektlarga zarba bergan.

AQSH Markaziy qo‘mondonligining ta’kidlashicha, zarbalar davomida Eronning havo mudofaa tizimlari, dronlarni boshqarish markazi hamda mintaqa¬dagi kemalar harakatiga tahdid solayotgan dronlar yo‘q qilingan. Amerika tomoni operatsiyalar davomida harbiy xizmatchilar orasida talofot bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Tehron esa AQSH hujumlariga javob qaytarganini bildirgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi AQSH tomonidan Eronning janubiy hududlariga uyushtirilgan hujumlarda foydalanilgan harbiy bazalardan biriga zarba berilganini ma’lum qilgan.

Eron harbiylari bayonotida AQSHning har qanday yangi hujumiga yanada qat’iy javob qaytarilishi ta’kidlangan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakillari Vashington tomonidan “tajovuzkor harakatlar” takrorlansa, Eronning javobi avvalgilardan mutlaqo farq qilishini bildirib o‘tdi.

Quvayt Mudofaa vazirligi bugun, 1 iyun kuni ertalab mamlakat havo hududi yaqinida kuzatilgan raketa va dron tahdidlariga qarshi havo mudofaa tizimlari ishga tushirilganini ma’lum qilgan. Tahdid manbasi haqida esa hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.

AQSH ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Prezident Donald Tramp sulh bo‘yicha kelishuv loyihasiga qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishni talab qilgan. Xususan, takliflarda Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar harakatini tiklash hamda Eronning yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralari bilan bog‘liq masalalar mavjud.

Eronning bosh muzokarachisi esa mamlakat manfaatlari to‘liq ta’minlanmaguncha Tehron hech qanday bitimni qabul qilmasligini ma’lum qildi.

Mutaxassislarning fikricha, vaziyatning eng xavfli jihati Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq. Dunyo bo‘ylab eksport qilinadigan neft va suyultirilgan tabiiy gazning qariyb beshdan bir qismi aynan shu dengiz yo‘lagi orqali tashiladi. Shu sababli mintaqadagi har qanday harbiy to‘qnashuv xalqaro energiya bozorlariga va yoqilg‘i narxlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroil zarbalaridan so‘ng Eron yerosti raketa bazalariga olib kiruvchi 69 ta tunnel kirish joyidan 50 tasini buldozer va yuk mashinalari yordamida qayta ochgan. Mutaxassislar fikricha, bu holat Eronning harbiy salohiyatini to‘liq yo‘q qilish qiyinligini va yerosti infratuzilmalarga qaratilgan zarbalar cheklangan natija berayotganini ko‘rsatmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron zarba harbiy ob'ekt

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing