AQSH va Eron 24 soat ichida tinchlik shartnomasini imzolashi mumkin – Shahboz Sharif

Olam

image

AQSH va Eron o‘rtasidagi tinchlik shartnomasining yakuniy kelishuvi yaqin 24 soat ichida amalga oshishi kutilmoqda. Bu haqda bugun, 13 iyun kuni Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

“Biz tinchlik bitimiga har qachongidan ham yaqinroqmiz. Yakuniy kelishuv yaqin 24 soat ichida amalga oshishi kutilmoqda va Pokiston shundan so‘ng darhol tinchlik shartnomasini elektron shaklda imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda”, deb yozdi u.

Pokiston Bosh vazirining so‘zlariga ko‘ra, imzolash jarayonidan keyin texnik darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi. U “bu tarixiy tinchlik bitimi mustahkam tinchlik uchun barqaror poydevor yaratishini” qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 11 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron urushni tugatish bo‘yicha kelishib olganini va tomonlarga faqat shartnomani imzolash qolganini bayon qilgan edi. Shuningdek, u shartnomani imzolash ushbu dam olish kunlaridayoq sodir bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Ertasi kuni “Mehr” manbalarga tayanib, AQSH bilan o‘zaro anglashuv memorandumi loyihasining 14 ta bandini oshkor qildi. Ro‘yxatdan urushni tugatish, sanksiyalarni bekor qilish, Hormuz bo‘g‘ozini ochish va boshqalar joy olgan. Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligi vakili memorandum matni ustida hali qo‘shimcha ishlar olib borilishini qayd etgan.

Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining so‘zlariga ko‘ra, Eron va AQSH o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, tomonlar bir-birlarining suverenitetini hurmat qilish va ichki ishlarlariga aralashmaslik majburiyatini oladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing