AQSH va’dasini bajardi: Oq uy Rossiyani jazolayapti

Olam

image

Ukraina chegarasi yaqinida 100 minglab qo‘shin to‘plagan Rossiyaga javoban, AQSH va G‘arb agar u Ukrainaga hujumni boshlaydigan bo‘lsa, uni jiddiy muammolar bilan “siylashi” haqida ogohlantirgan edi. 

Shunday ogohlantirishlardan biri Moskvani iqtisodiy muammolar girdobida qoldirish bo‘lgan. Buni amalda qo‘llash uchun esa Yevropa Rossiyadan tabiiy gaz importini to‘xtatishi haqida ogohlantirgan edi.

Ba’zi Yevropa va Oq uy rasmiylariga ko‘ra, bugun, 22 yanvar kuni Fors ko‘rfazida joylashgan yana bir yirik tabiiy gaz eksportyori bo‘lgan Qatar va AQSH vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. 

Voqeadan xabardor ikki nafar Oq uy rasmiysining “Bloomberg”ga ma’lum qilishicha, Yevropani tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasida muzokaralar o‘tkazish uchun AQSH Prezidenti Jozef Bayden Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyni rasmiy tashrif bilan Vashintonga taklif qilgan. 

Ochiqlanishicha, Amir va Prezident o‘rtasidagi uchrashuv shu oyning oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan avval, Rossiyaning Ukrainaga hujum qilish ehtimoli ortib borishi sababli, ehtimoliy urush sodir bo‘lgan taqdirda, Yevropa Ittifoqi Rossiyadan gaz importini butunlay to‘xtatishga kelishib olgani haqida xabar bergan edik. 

2022 yil 15 yanvar kuni AQSH Davlat departamentining energiya xavfsizligi bo‘yicha katta maslahatchisi Amos Xokstin Yevropa Ittifoqining yirik energetika kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuvda Rossiya-Ukraina urushi sababli gaz ta’minoti to‘xtaydigan bo‘lsa, AQSH Yevropaga gazni Qatardan import qilishda vositachilik qilishi haqida ma’lum qilgan edi. 

Bundan tashqari, AQSHning ogohlantirishlariga hamohang tarzda, Buyuk Britaniya ham Germaniya va Rossiya o‘rtasida amalga oshirilayotgan “Shimoliy oqim-2” loyihasini to‘xtatishni va Kremlga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy qilishni taklif qilgan. 

G‘arbga ko‘ra, Rossiyaning jilovini tiyib turish faqatgina unga iqtisodiy tahdidlar yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, Yevropa davlatlari energiya ishlab chiqarish uchun o‘z iste’molidagi 40 foizdan ortiq tabiiy gazni Ukraina orqali Rossiyadan import qiladi. 

Gaz importida Rossiya o‘rniga alternativ mamlakat sifatida ko‘rilayotgan Qatar esa dunyoda tabiiy gaz eksport qiluvchi birinchi raqamli mamlakat hisoblanadi. 

Tabiiy boyliklarga boy bo‘lgan Fors ko‘rfazidagi mamlakat Sharqiy Osiyo mamlakatlarini to‘laligicha gaz bilan ta’minlaydi.

 

Behruz Saidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

1577

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing