AQSH va Buyuk Britaniya husiylarga zarba berdi (video)
Olam
−
12 yanvar
10828AQSH va Buyuk Britaniya Yamandagi husiylarning ob’ektlariga zarba berdi. Bu haqda amerikalik rasmiylarga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, zarbalar qiruvchi samolyotlar, kemalar va suvosti kemalaridan berilgan. Guvohlar Yaman poytaxti Sanada portlashlar bo‘lganini aytmoqda.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar zarba berish uchun bombardimonchi samolyotlar va “Tomahawk” qanotli raketalaridan foydalanmoqda.
“Husiylar vakili AQSH va Britaniya zarbalari Yaman poytaxti hamda Xodeyda, Saada va Dhamar shaharlariga berilganini ma’lum qildi”, deb yozadi “The Guardian”.
Amerikalik rasmiyning aytishicha, AQSH va Buyuk Britaniya husiylarning o‘ndan ortiq nishonlariga zarbalar bergan. Vashington va London Qizil dengizdan o‘tayotgan kemalarga Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan husiylarning hujumlari davom etayotgani sababli zarbalar berishga qaror qilganini bildirmoqda.
Zarbalar boshlanganidan taxminan bir soat o‘tib, AQSH Prezidenti Jo Bayden bayonot berdi.
“Bugun mening buyrug‘imga ko‘ra, AQSH kuchlari Buyuk Britaniya bilan birgalikda Avstraliya, Bahrayn, Kanada va Gollandiya ko‘magida Yamandagi husiy isyonchilari tomonidan navigatsiya erkinligiga tahdid qilish uchun foydalanilgan bir qator nishonlarga muvaffaqiyatli zarba berdi. Ushbu zarbalar husiylarning Qizil dengizdagi xalqaro kemalarga misli ko‘rilmagan hujumlariga, jumladan, birinchi marta kemaga qarshi ballistik raketalardan foydalanishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri javobdir”, deydi AQSH Prezidenti.
Bayden husiylarga qarshi zarbalarni “mudofaa harakati” deb atadi.
“Ushbu maqsadli zarbalar Qo‘shma Shtatlar bizning hamkorlarimiz va xodimlarimizga qilingan hujumlarga toqat qilmasligi yoki dushman tomonlarga dunyodagi eng muhim tijorat yo‘llaridan biri bo‘ylab navigatsiya erkinligini buzishiga yo‘l qo‘ymasligi haqida aniq signaldir. AQSH xalqimizni himoya qilish va xalqaro savdo erkinligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa choralarni ko‘rishdan tortinmayman", deydi Bayden.
LiveBarchasi