AQSH O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini ma’qulladi
Jamiyat
−
04 noyabr
6943O‘zbekiston AQSH bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda kecha, 3 noyabr kuni Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn’da ma’lum qildi.
“14 oylik faol muzokaralar o‘z mantiqiy manziliga yetdi! Bu oson bo‘lmagan yo‘l, murakkab, ammo mazmunli muzokaralar, umr bo‘yi esda qoladigan tajriba bo‘ldi. Bularning barchasi davlatimiz rahbarining ushbu tashkilotga qo‘shilish borasidagi ko‘rsatmalari va qo‘llab-quvvatlashlari, Prezidentimiz yordamchilarining islohotlarni faollashtirishdagi sa’y-harakatlari, bir butun JST jamoasining tinimsiz mehnati natijasidir”, deb yozdi O‘runov.
Prezidentning maxsus vakili AQSH savdo vakili ofisiga “konstruktiv ishtiroki” uchun, shuningdek, O‘zbekistonning Vashingtondagi elchisi Furqat Sidiqov va diplomatik vakolatxona huzuridagi savdo maslahatchisi Oqil Ubaydullayevga minnatdorlik bildirdi.
Hozirda tomonlar bozorga kirish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu bilan AQSH O‘zbekiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan 21-davlat bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Amerika Qo‘shma Shtatlarining Savdo vakili Ketrin Tay joriy yilning 11 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgandi. Suhbat davomida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi muhim ekani ta’kidlandi.
Mirziyoyev 30 sentyabr kuni Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassanini qabul qildi.