AQSH O‘zbekistonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiq – Blinken
Jamiyat
−
13 dekabr 2022
8794AQSH O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiq. Bu haqda AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonda bo‘lib turgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
Avval xabar berganimizdek, kecha, 12 dekabr kuni Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQSHga jo‘nab ketdi. Shu kunning o‘zida Norov Davlat kotibi Blinken bilan muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuvda Blinken Norovni AQSHda ko‘rib turganidan mamnunligini bildirar ekan, 13 dekabr kuni strategik hamkorlik bo‘yicha o‘tkaziladigan muloqot ikki tomon uchun birgalikda duch kelayotgan ko‘plab muammolar haqida eslatmalarni solishtirish uchun juda yaxshi va muhim imkoniyat bo‘lishini ta’kidlagan.
“Men, har doimgidek, AQSHning O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligiga sodiqligini yana bir bor ta’kidlayman”, degan Blinken.
U, shuningdek, O‘zbekistonni Qirg‘iziston bilan chegarani demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishgani uchun olqishlagan.
“O‘ylaymanki, bu mintaqadagi va undan tashqaridagi ko‘pchilik uchun ushbu muammolarni hal qilishda diplomatiya imkoniyatlari muhimligi haqida kuchli signal beradi. Shuningdek, islohotlar, jumladan, diniy erkinlik, majburiy mehnat bo‘yicha olib borilayotgan ishni ham qadrlayman”, degan Blinken.
Davlat kotibi Norov bilan muloqot qiladigan mavzulari orasida Afg‘oniston masalasi ham borligini urg‘ulagan.
O‘z navbatida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Davlat departamentida O‘zbekiston delegatsiyasini samimiy qabul qilgani uchun kotib Blinkenga minnatdorlik bildirgan. Bu yil O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik hamkorlikning 20 yilligi nishonlanayotganini qistirib o‘tgan.
“O‘tgan yillar davomida hamkorligimiz C5+1 doirasidagi ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorligimizning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha sezilarli darajada rivojlandi. Biz Qo‘shma Shtatlar ma’muriyatining O‘zbekiston Prezidentining samarali boshqaruvni ta’minlashga qaratilgan islohotlar kun tartibini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini qadrlaymiz”, deydi Norov.
LiveBarchasi