AQSH O‘zbekistonga silga qarshi 18 million dollar kiritmoqda
Salomatlik
−
31 Oktabr 2023
5230AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Abt Associates bilan hamkorlikda “Sildan xoli O‘zbekiston” besh yillik tashabbusini boshladi. Unga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab keng qamrovli qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish va silga qarshi muhim dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun 18 million dollar sarmoya kiritilmoqda. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasidan QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga, shuningdek, aholi salomatligi va mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga katta xavf tug‘diradigan ko‘p dorilarga chidamli sil kasalligining yuqori ko‘rsatkichlariga duch kelmoqda.
“O‘zbekiston barqaror rivojlanmoqda, ammo sil kasalligi aholi salomatligi uchun eng jiddiy taxdidlardan biri bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda mamlakatda sil kasalligining yangi holatlarining sakkiz foizi davolash uchun eng ko‘p ishlatiladigan va samarali hisoblanadigan ikkita dori vositasiga qarshilik ko‘rsatgan”, deyiladi xabarnomada.
Ma’lumot o‘rnida, USAID AQSH xukumatining silga qarshi kurash bo‘yicha global sa’y-harakatlariga rahbarlik qiladi va silga qarshi kurashda O‘zbekiston hukumatining hamkori hisoblanadi. Dunyodagi eng yirik ikki tomonlama donor sifatida USAID sil kasalligini yo‘q qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni tezlashtirish uchun yangi innovatsiyalar va tadqiqotlardan foydalanadi.
1993 yildan 2023 yilgacha AQSH hukumatining O‘zbekistonga sog‘liqni saqlash sohasidagi yordamining umumiy miqdori 155 million dollardan ziyodni tashkil etdi, shundan qariyb 60 million dollari sil kasalligiga qarshi kurashga yo‘naltirildi.
“Sildan xoli O‘zbekiston” loyihasi AQSH hukumatining sil kasalligining oldini olish, aniqlash, davolash, sil kasalligini stigmatizatsiyasini kamaytirish, shuningdek, tibbiy axborot tizimlarini takomillashtirish, shu jumladan sog‘liqni saqlashni moliyalashtirish bo‘yicha islohotlarga qat’iy sodiqligini tasdiqlaydi. Bundan tashqari, AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi ushbu ikki tomonlama hamkorlik mamlakatning pandemiya taxdidlarining oldini olish, aniqlash va ularga javob berish salohiyatini mustahkamlaydi”, deyiladi xabarnomada.
LiveBarchasi