AQSH O‘zbekiston bog‘chalari uchun 21,5 mln dollar ajratadi
Jamiyat
−
28 iyul 2021
4932Amerika qo‘shma shtatlari O‘zbekiston bog‘chalarini rivojlantirishga 21,5 million dollar ajratadi. Bu haqda AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
"Mehr-shafqat" korpusi (Mercy Corps) Maktabgacha ta’lim vazirligi va SSV qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni yaxshilash dasturi bo‘yicha memorandum imzoladi.
Qayd etilishicha, ushbu dastur AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Mazkur 21,5 million dollarlik dastur O‘zbekistondagi 40 mingdan ziyod MTMlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash hamda Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan MTMlaridagi 90 ming nafar bola uchun ovqatlanish va ta’lim olishni takomillashtirish uchun qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutadi.
Ushbu uch tomonlama bitim MTMlarni kundalik oziq-ovqat bilan ta’minlash, savodxonlik darajasini oshirish, o‘qituvchilar va tibbiyot hamshiralarini o‘qitish, maktabgacha ta’lim muassasalari, jumladan, sinfxonalari, oshxona va jamoat hojatxonalarini ta’mirlash orqali O‘zbekiston hukumati va Mercy Corps xalqaro nodavlat tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni rasman mustahkamlaydi.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim darajasini yaxshilash bo‘yicha O‘zbekistonning ustuvor rejalariga muvofiq ravishda, mazkur dastur 3-7 yoshdagi bolalar uchun sifatli ta’lim olishni kengaytirish bo‘yicha hukumatning ta’lim sektoriga oid rejasini (2019-2023 yillar uchun) qo‘llab-quvvatlaydi.
"Dunyo bolalari qatori O‘zbekiston bolalariga ham pandemiya ta’sir qilmoqda. Shu sababli SSVning ushbu sheriklik tarkibiga kirishi sog‘liqni saqlash va sanitariya holatini yanada yaxshilashga imkon beradi. Birgalikda harakat qilib, biz maktabgacha yoshdagi bolalarning sog‘lom va xavfsiz bo‘lishlarini ta’minlashimiz mumkin", degan AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Daniel Rozenblyum.
Xabarga ko‘ra, AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi "O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi"ni 2024 yil sentyabr oyigacha amalga oshirish maqsadida Mercy Corps bilan hamkorlik qiladi.
LiveBarchasi