AQSH uyushtirgan qirg‘in yoxud 170 ming kishining yostig‘ini kuritgan yadro quroli

Tahlil

image

“Inson atom bombasini yaratdi. Hozirgacha hech bir sichqon qopqon yasash haqida o‘ylab ko‘rmagan”.

Verner Mich

XX asr eng qonga botgan davr sifatida insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Bu asrda insoniyat ikkita jahon urushini boshidan o‘tkazdi. Bundan tashqari, ilm-fanning taraqqiy etishi bilan insoniyat dahshatli yadro qurolini ixtiro qildi. Bu quroldan siyosatchilar o‘z manfaatlari yo‘lida foydalana boshladilar. Yadro bombasining yaratilishi dunyodagi geopolitik muhitni o‘zgartirib yubordi.

Bundan roppa-rosa 76 yil oldin, 1945 yil 6 avgust kuni AQSH Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombasini tashladi. Bugungi maqolamizda yadro qurolining ixtiro qilinishi va Yaponiyaga tashlangan yadro bombalari haqida so‘z yuritamiz.

Yadroviy qurol nima?

Yadroviy qurol bu – quvvat manbasi atom yadrolarining sintez qilinishidan yoki bo‘linishidan hosil bo‘ladigan qo‘poruvchi ommaviy qirg‘in qurol hisoblanadi. Yadro qurolining 50% energiyasi zarba to‘lqinini shakllantirish va yerda o‘rama hosil qilishga sarflanadi. Qolgan 30% energiya yorug‘lik chiqarishga, 20%i esa elektr magnit impuls va radioaktiv nur hosil qiladi. 

Yadro qurollar uch turga bo‘linadi, bular – atom bombasi, vodorod bombasi, neytron bomba.

Yadro qurolining ixtiro qilinishi

Ingliz fizigi Ernest Rezerford 1898 yilda birinchi bor atomning radioaktiv xususiyati mavjudligini kashf etadi. Keyinchalik, 1905 yilda Albert Eynshteyn o‘zining “Nisbiylik nazariyasi” bilan yadro qurolini yaratish uchun ilk poydevorni qo‘yadi. 

1933 yilda Adolf Gitler Germaniya hukumatini o‘z qo‘liga olgach, yadro qurolini ixtiro etish uchun maxsus loyihalar ishga tushiradi. Ammo, Germaniyadagi fizik olimlarning ko‘pchiligi yahudiy edi. Irqiy repressiya tufayli ko‘plab olimlar mamlakatni tark etishdi. Bu esa yadro loyihasining rivojini ancha sekinlashtirdi. 

1939 yilda Albert Eynshteyn AQSHning o‘sha davrdagi Prezidenti Franklin Ruzveltga radioaktivlashgan atom zarrachalari yordamida juda kuchli energiya hosil qiluvchi katta qurol yaratish mumkinligini va tezroq oldi olinmasa, Germaniya buning ustida jiddiy ish olib borayotganini maktub orqali ma’lum qiladi.

1942 yilda Ruzvelt “Manxetten” loyihasini boshlash haqida qaror chiqaradi. Mamlakatdagi barcha fizik olimlar shu loyihaga jalb etiladi. Bu dasturning umumiy bahosi 2 mlrd dollardan oshadi. Birinchi atom bomba – “Trinity” 1945 yilning iyul oyida ixtiro qilingan. AQSH bu qurolni o‘zining yangi Meksika cho‘lida sinovdan o‘tkazib ko‘radi. Bu qurolning portlash kuchi taxminan 21 kilotonna trotilni tashkil etgan. Sinov natijalari muvaffaqiyatli yakunlangach, AQSH hukumati Yaponiyaga yadroviy hujum qilishga qaror qabul qiladi. 

Hujum rejasi

AQSH Prezidenti Garri Trumen yadro bombasini Xirosima, Kokura yoki Nagasakiga tashlashni rejalashtiradi. Ba’zi ekspertlar AQSH tarixiy obidalarga zarar yetkazmaslik uchun aynan shu shaharlarni tanlab olgan, deb ta’kidlashadi.

Xirosima Yaponiyaning yettinchi eng yirik shahri edi. Shahar Ota daryosining ikki sohili bo‘yida joylashgan bo‘lib, hujum vaqtida aholi soni 245 ming kishini tashkil etgan. Bundan tashqari, Xirosima Yaponiya armiyasi uchun muhim ta’minot bazasi hisoblangan. Shaharda binolar asosan bir yoki ikki qavatdan iborat bo‘lgan.

Nagasaki Yaponiyaning yirik port shahri hisoblangan. Shaharda qurol, kema va boshqa harbiy texnikalar ishlab chiqarilgan. Hujumdan oldin shahar aholisi 200 mingga yaqin bo‘lgan.

AQSH hukumati asosan bombardimon etilmagan shaharlarni tanlab olgan edi. Buning sababi, yadro qurolining ta’sir kuchini bilish bo‘lgan. Rejaga ko‘ra, hujum 3 avgust kuni amalga oshirilishi kerak edi. Ammo, noqulay ob-havo tufayli hujum uch kun ortga suriladi.

Xirosima fojiasi

1945 yil 6 avgust kuni ertalab soat 01:45 da AQSHning B-29 “Pol Tibbet” nomli bombardirovkachi samolyoti polkovnik Pol Tibbetc qo‘mondonligida Xirosima tomon uchib ketadi. Razvedkachi samolyot Nagasaki va Kakuroda shahar osmoni bulutlar bilan qoplanganligini aytadi. Uchinchi razvedka samolyotining uchuvchisi mayor Iserli Xirosima shahrida osmon musaffo ekanligini ko‘rib, "birinchi nishonni bombalash" signalini yuboradi. 

Tongi soat yettilarda Xirosima shahridagi radar tizimi janubdan yaqinlashib kelayotgan dushman samolyotlarini aniqlaydi. Radio orqali havo hujumi e’lon qilinadi. Taxminan, soat 08:00 larda Xirosimadagi radar operatori yaqinlashayotgan dushman samolyotlarining soni uchta ekanligini aytib, havo hujumini bekor qiladi.  

Mahalliy vaqt bilan soat 08:00 da B-29 Xirosima shahri markaziga “Little Boy” (Kichik bola) deb nomlangan atom bombasini tashlanadi. Bomba 500 metr balandlikda portladi. Zarba to‘lqining kuchi 19 kilometrga cho‘ziladi. Buning oqibatida, o‘sha kunning o‘zida 166 ming kishi halok bo‘ladi. Radiatsiya tarqalishi tufayli 3-4 haftadan so‘ng, qurbonlar soni ortib ketadi. 

Nagasaki

Ikkinchi yadroviy nishon Kokura shahri edi, zaxiradagi nishon Nagasaki bo‘lgan. Aslida, atom bombasini tashlash 11 avgust kuniga rejalashtirilgan edi. Ammo, ob-havoning yomon bo‘lishi sabab qo‘poruvchilik rejasi 9 avgustga ko‘chirilgan. 

Shu kuni erta tongda Kokura shahri osmonida bulut bo‘lganligi uchun “Fat Man” (Baqaloq) atom bombasi Nagasakiga tashlanadi. Bu bombaning kuchi 21 kilotonna trotil ekvivalentiga teng edi. O‘sha kunning o‘zida 80 ming kishi hayotdan ko‘zim yumdi. Tarqalgan radiatsiya tufayli besh yil ichida 200 ming nafar inson halok bo‘ldi.  

AQSH tashlagan ikki atom bombasi Yaponiya uchun mislsiz qurbonlar va vayronagarchiliklar keltirdi. Yaponiya Bosh vaziri Kantaro Suzuki va Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Togo Sigenori zudlik bilan ittifoqchilarga Yaponiya so‘zsiz taslim bo‘lishga rozi ekani haqida xabar yubordi.

1945 yil 15 avgust kuni Yaponiya taslim bo‘lgani e’lon qilindi. Shu tariqa Ikkinchi jahon urushi tugadi. Yaponiya taslim bo‘lgani haqidagi pakt 1945 yil 2 sentyabrda imzolandi. Ikkinchi jahon urushida Yaponiya mag‘lubiyatga uchradi.

Sardor Ali Nurmatov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Nagasaki Xirosima fojiasi Yadroviy qurol nima?

Baholaganlar

376

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar