AQSH uyg‘urlar genotsidi sabab Xitoyga sansiyalar qo‘lladi
Olam
−
18 dekabr 2021
7979AQSH Kongressi kompaniyalardan Shinjonda ishlab chiqarilgan har qanday tovarda majburiy mehnat qo‘llanilmaganini isbotlashni talab qiladigan qonunni ma’qulladi.
Qo‘shma Shtatlar Xitoy hukumatini Shinjondagi asosiy aholi qatlami bo‘lgan uyg‘urlarni genotsid qilishda aybdor deb topgan.
Uyg‘urlar majburiy mehnatining oldini olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi imzo chekish uchun Prezident Jo Baydenga taqdim etiladi.
AQSH Senatida qonun muhokamasi chog‘ida, bir kishidan boshqa barcha senatorlar bir ovozdan qonun loyihasini ma’qullagan.
Bir necha oy davomida Oq uy qonun loyihasiga munosabat bildirishdan tiyilayotgan edi, ammo joriy hafta boshida Matbuot kotibi Jen Psaki Prezident Bayden uni imzolashini aytgan.
Qonun loyihasi Shinjonda biznes bilan shug‘ullanuvchi yirik kompaniyalar, jumladan Coca-Cola, Nike va Apple tomonidan tanqid qilingan.
Florida shtati senatori Marko Rubio, qonun loyihasi Kongressning yuqori palatasi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng, "Ko‘pgina kompaniyalar allaqachon hududdagi filliallarida “tozalash ishlari”ni olib borish choralarini ko‘rishmoqda. Ochig‘ini aytganda, ularda bu qonun ijrosi haqida hechqanday shubha bo‘lishi mumkin emas. Qonunga amal qilmaydigan korxonalar esa Amerikada o‘z bizneslaridan daromad olishni o‘ylashmasa ham bo‘ladi”, deya ma’lum qilgan.
Joriy yilning 15 dekabr kuni AQSH Savdo vazirligi Xitoy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi aytilgan 30 dan ortiq Xitoyning IT kompaniyalari va tadqiqot institutlariga qarshi sanksiyalarni joriy qilgandi. Sanksiyada Amerika kompaniyalari uchun taqiqqa uchragan Xitoy korxonalariga xomashyo yetqazib berish va tovar sotish taqiqlanishi belgilangan.
Bundan tashqari, Xitoyda inson huquqlarining poymol etilishiga qarshi norozilik sifatida Buyuk Britaniya, Avstraliya, AQSH va Kanada 2022 yil fevralida bo‘lib o‘tadigan Pekin 2022 qishki Olimpiada o‘yinlariga o‘z diplomatlarini jo‘natmasliklarini e’lon qilishgan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi