AQSH Usama bin Lodinning davomchisini yo‘q qildi
Olam
−
02 avgust 2022
13383AQSH Afg‘oniston poytaxti Qobulda “Al-Qoida” terror tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilish bo‘yicha operatsiya o‘tkazdi. Bu haqda Prezident Jo Bayden ma’lum qildi.
Amerika Prezidenti Jo Bayden AQSHning “Al-Qoida” terror tashkiloti yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qilish bo‘yicha Qobuldagi maxsus operatsiyasi har tomonlama muvaffaqiyatli bo‘ldi, deb hisoblaydi.
“Shanba kuni (Vashington vaqti bilan, Qobul vaqti bilan 31 iyul tongida) mening buyrug‘im bilan Qo‘shma Shtatlar Qobulga muvaffaqiyatli havo hujumi uyushtirdi va “Al-Qoida” yetakchisi Ayman az-Zavohiriyni yo‘q qildi”, degan Bayden.
Baydenning so‘zlariga ko‘ra, missiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Zavohiriyning oila a’zolaridan hech kim jabrlanmagan, jumladan oddiy fuqarolar orasida ham qurbonlar yo‘q.
“Operatsiya to‘liq muvaffaqiyatli o‘tgani tasdiqlanganidan so‘ng, hozir bu xabar bilan bo‘lishyapman”, deya tushuntirgan AQSH Prezidenti.
Amerika rahbarining ta’kidlashicha, az-Zavohiriy 2001 yil 11 sentyabr xurujlarini rejalashtirishda faol ishtirok etgan, shuningdek, AQSH va boshqa davlatlar fuqarolari qurbon bo‘lgan boshqa teraktlar tashkilotchisi bo‘lgan.
“Endi adolat o‘rnatildi va terrorchilarning bu yetakchisi yo‘q”, deydi Bayden.
Misrlik az-Zavohiriy ushbu tarmoq asoschisi saudiyalik Usama bin Lodin 2011 yilda amerikaliklar tomonidan yo‘q qilinganidan keyin “Al-Qoida”ga rahbarlik qilgan. Az-Zavohiriy AQSH razvedka idoralari tomonidan eng faol qidirilayotgan terrorchilar ro‘yxatida bo‘lgan va Vashington uning qayerda ekanligi haqidagi ma’lumot uchun 25 million dollargacha pul mukofoti taklif qilgan.
LiveBarchasi