AQSH universitetlaridan birida ommaviy otishma yuz berdi (video)
Olam
−
18 aprel 8370 2 daqiqa
Kecha, 17 aprel kuni Qo‘shma Shtatlarning Florida universitetida ommaviy otishma sodir bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Otishmada kamida 6 kishi jarohatlangan, 5 kishi halok bo‘lgan. Bemorlardan birining ahvoli og‘ir, 5 nafari esa o‘ta og‘ir. Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, otishmani ikki kishi amalga oshirgan: ulardan biri qo‘lga olingan, ikkinchisi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan. Hozirda hodisa joyida huquq-tartibot idoralari xodimlari ish olib bormoqda.
Otishma vaqtida universitet ma’muriyati talabalarni xavfsiz boshpana qidirishga chaqirgan. Universitetdagi barcha darslar noma’lum muddatga bekor qilingan.
CNN bergan qo‘shimcha ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olingan gumonlanuvchi 20 yoshli Feniks Ikner mahalliy sherif o‘rinbosari Jessika Iknerning o‘g‘li ekani aniqlangan. U onasining xizmat quroli bo‘lgan to‘pponchani olib yurgan. Sud hujjatlarini ko‘rib chiqish shuni ko‘rsatadiki, Feniks Iknerning bolaligi notinch o‘tgan, hujjatlarda uning biologik onasi bo‘lgan boshqa ayol uni 10 yoshida vasiylik shartnomasini buzgan holda AQSHdan olib chiqqanlikda ayblangan.
Yana bir mahalliy sherif Uolter Makneyl jurnalistlarga gumonlanuvchi haqida shunday degan:
“U Leon okrugi sherifi idorasi oilasida bo‘lgan va bizda mavjud bo‘lgan bir qator o‘quv dasturlarida qatnashgan, shuning uchun uning qurolga ega bo‘lishi biz uchun ajablanarli emas”, degan Makneyl.
Yigitning onasi Jessika Ikner sherif bo‘limida 18 yildan ko‘proq vaqt davomida xizmat qilgan. Feniks Ikner sherifning Yoshlar maslahat kengashining a’zosi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 fevral kuni Shvetsiyaning poytaxt Stokgolmdan 200 km g‘arbda joylashgan Erebru shahridagi ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan otishma oqibatida o‘nga yaqin odam halok bo‘lgandi.